Pandemiya hamkorlikka to‘siq bo‘la olmaydi


2021 yilning 20 aprelida O‘zbekiston Respubliksi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Tojikiston tomonidan ushbu qo‘shni davlatning MFA Vise-prezidenti Abdusattor Saidov, O‘zbekiston tomonidan Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev boshchiliq qildilar.

Tadbirning maqsadi – Navoiy bo‘limi hamda Tojikiston MFAning ITI o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, geologiya, konchilik ishi va ekologiya sohasida ilmiy va texnik hamkorlikni kengaytirish.

Seminarda Bo‘lim olimlari o‘zining ilmiy ishlanmalari bilan hamkasblariga tanishtirdilar. Xususan, paxta chigitini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish hamda g‘o‘zani bargidan oziqlantirishda bentonit gillarining suspenziyasidan foydalanish innovasion texnologiyalarni qo‘llash haqida tayyorlangan video-qo‘llanmalarni namoyish etdilar.

Bo‘lim olimlari tomonidan 2018 yildan boshlab, bentonit gillaridan qishloq xo‘jaligida foydalanishning innovasion usullari ishlab chiqilib, g‘allachilikda, paxtada va sabzavot ekinlarida keng qo‘llanib kelinmoqda. Bunda, olimlarimiz bug‘doy urug‘larini va paxta chigitini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekilishi, o‘simliklarning suvga bo‘lgan talabi, tuproqdagi namlikni bentonit gillarining sorbentlik hususiyati tufayli o‘ziga jamlashi hisobiga qoniqtirilishi natijasida"stress"siz ko‘karib chiqishi, niholning baquvvat bo‘lib o‘sishi hamda hosildorlikning 10-12 foizga oshishini respublikamizning turli viloyatlari ekin maydonlarida o‘tkazilgan tajriba-sinovlari bilan isbotladilar. 2019 yili mazkur tajriba-sinovlari 500 gektar paxta va g‘alla yer maydonlarida amalga oshirilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2020 yilda to‘rt barobarga oshdi.

Navoiy bo‘limi olimlari yana bir innovasion usul sifatida ekinlarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining suspenziyasidan foydalanish ham hosildorlikning oshishini tajriba-sinovlarda isbotladilar. Bunda, bentonit suspenziyasidan tayyorlangan suyuqlikning barg ustida hosil qiladigan yupqa qobiq o‘simlikdagi mikrokapillyarlardan suv zarrachalarining parlanishiga to‘sqinlik qilishi, o‘g‘itning maksimal o‘zlashtirilishiga hamda o‘simlikning suvga bo‘lgan talabini kunduzi va kechasi o‘rtasidagi temperatura tafovuti hisobidan hosil bo‘ladigan shudring ko‘rinishidagi atmosferadagi suv zarrachalarining bentonit orqali bargga singdirilishiga imkon berishi hisobiga samarali ekanligi kuzatildi.

Muzokara davomida tadbir ishtirokchilari amaliy natija borligini, lekin o‘simliklarga bentonitni ta'sir etish mexanizmini ilmiy asoslab berish kerakligini ta'kidlab o‘tdilar. Buning uchun esa hamkorlikni kuchaytirish lozim. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha Tojikiston MFAning O‘simliklar botanikasi, fiziologiyasi va genetikasi instituti hamda Shirinshox Shotemur nomidagi Tojik agrar universiteti vakillari hamkorlik qilishga tayyor ekanliglarini bildirib o‘tdilar.

Tomonlar xalqaro loyiha tayyorlab, ushbu yo‘nalishda fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun ikkala qardoshlik respublika hukumatlariga ko‘rib chiqish uchun topshirishga kelishib oldilar. Tojik tomoni mintaqalararo hamkorlikni tashkil etishni taklif etdi.

Shuni ta'kidlash joizki, yuqorida aytib o‘tilgan Navoiy bo‘limining ishlanmalariga Tojikiston olimlari 2020 yilning sentyabrida O‘zbekiston Respublikasining fan, adabiyot va madaniyat vakillari qushni davlatga borganida qiziqish bildirgan edilar. Shundan so‘ng 2021-2030 yillarda Tojikiston Respublikasi ilm-fan, texnologiyalar va innovasiyalar sohalarida rivojlanish strategisiga paxtachilikda bentonitlarni qo‘llash taklifi kiritilgan.

2021 yilning martida FA Navoiy bo‘limiga Tojikiston MFA rahbariyati nomidan Bo‘lim tomonidan yaratilgan ushbu ishlanmalarni taqdim etish uchun Dushanbe shahriga borish taklifi kelib tushdi. Bo‘lim tomonidan safarga borish uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borildi, lekin «Covid-19» koronavirus tarqalishi bilan bog‘lik pandemiya vaziyati tufayli Bo‘lim delegasiyasini Tojikiston Respublikasiga tashrifi bekor qilindi. Ammo, rejalashtirilgan birgalikda olib borish lozim bo‘lgan ishlar to‘xtamasligi uchun hamda hamkorlikni mustahkamlash va ekish mavsumidan oldin tajriba almashish maqsadida vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida onlayn tarzda majlis o‘tkazishga qaror qilindi.

Seminarda Navoiy bo‘limi tomonidan ilgari surilgan qazilmalarning bashoratlangan va aniq bo‘lgan zaxiralari ko‘rsatilgan xaritalalar hamda yangilangan ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan “O‘rta Osiyo geologiyasi” ilmiy risolasini tayyorlash g‘oyasini amaliyotga tatbiq etish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun Markaziy Osiyoning beshta qardosh respublikalari sa'y-harakat qilish kerakligi tufayli, joriy yilda Navoiyda Halqaro forum o‘tkazilishi va unga ushbu respublikalar va Rossiya Federatsiyasining geologlarini va tegishli soha olimlarini taklif qilish rejalashtirilgan. Mazkur forum bilim va tajriba almashish doimiy maydoni bo‘lishi kutilmoqda. Hozirgi kunlarda tayyorgarlik ishlari olib boriliyapti, tadbir sanasi hali aniq emas. Bunga qaramasdan Navoiy bo‘limi dastlabki muzokoralar olib borib, bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalar bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Ularning ichida seminarda oxirgi yillarda haqiqatdan ham geologiya sohasida tarmoqlashtirish va tahlil qilish zarur bo‘lgan ma'lumotlar ko‘payganini tan olib, o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirgan Tojikiston MFAning Geologiya, zilzilalarga chidamli qurilish va seysmologiya instituti, Qirg‘iziston Respublikasi MFAning M.M.Adashev nomidagi Geologiya instituti, Kozog‘iston Respublikasining “K.I.Satpaev nomidagi Geologiya fanlari instituti” mas'uliyati cheklangan sherikchiligi. Shuningdek, Rossiyaning “Rosgeologiya” AJ bilan Maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan.

Bundan tashqari, Navoiy bo‘limi “Cho‘l-yaylov ozuqa o‘simliklari plantasiyalarini tashkil etishda, saksovul, cho‘g‘on, izen va boshqa cho‘l iqlimiga moslashgan o‘simliklar urug‘larini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish” hamda “Toshqazgan koni ma'danidan elektrotexnika, metallurgiya va kimyo sanoatida foydalanishga yaroqli bo‘lgan grafit boyitmasini olish” va “Vaush koni dolomitini kompleks qayta ishlash yo‘li bilan magniy oksidi (magnezit) olish” kabi loyihalari to‘g‘risida ma'lumotlar berib o‘tildi. Oxirgi ikkita loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 avgustdagi PQ-4805-son “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta'lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 15 bandi bilan tasdiqlangan “Kimyo va biologiya yo‘nalishidagi ilmiy tashkilotlarning istiqbolli ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirishni tashkil etish dasturi”ga kiritilgan. Bo‘lim ilmiy xodim va doktorantlari ushbu loyihalar ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar va dastlabki ijobiy natijalar olinmoqda.

Tojikiston olimlari o‘z tomonidan, noma'dan foydali qazilmalarni, ayniqsa fosforitlarni, qazib olish, yangi qishloq xo‘jaligi madaniy o‘simliklar navlarini va uy hayvonlar zotlarini seleksiya qilish va boshqa dolzarb masalalarda hamkorlik qilish istagini bildirishdi. Ular yaqin kunlarda yana bir marotaba onlayn-seminar o‘tkazish va o‘z ilmiy ishlanmalari bilan hamkasblariga namoyish etish kerakligini aytib o‘tdilar.

Tomonlar tarixni tahlil qilib, iqtisodiyotning rivojlanishi va xalqni farovonligi ilmni amaliyotga joriy etish va innovasiyalarni har sohada qo‘llash bilan bog‘liq ekanligini ta'kidlab o‘tdilar. Ikkala mamlakatda ham olimlarni qo‘llab-quvvatlash eng yuqori davlat darajasida ekanligi isbotlandi, demak ilm-fan arboblariga har doim tashabbus bildirish, eng asosiysi, mazkur jarayonga yoshlarni keng jalb etish ustivor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!