O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasini tashkil etishga qadam


Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida 2021-yil fevral oyida Rossiyaning “Uransvetmetgeologorazvedka” Boshqaruv kon-ma'dan kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati rahbariyati bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Mart oyining o‘rtalarida kompaniya delegasiyasi yana bir bor Bo‘limiga tashrif buyurdi. Natijada Bo‘lim va Aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida Qo‘shma korxona (QK) tashkil etish va qo‘shma faoliyatni amalga oshirish to‘g‘risida hamkorlik bitimi imzolandi.

Ushbu hamkorlik bitimiga ko‘ra, tomonlar birgalikda burg‘ulash, geologiya-qidiruv ishlari hamda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bozorida tijoratlashtirish yuzasidan muvaffaqiyatli loyihalarni va qattiq foydali qazilmalar sohasida muhandislik-qidiruv ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bunda, amalga oshirish mexanizmi sifatida O‘zbekiston Respublikasi hududida konlarni qidirish uchun moliyaviy aktivlarini hamda ishtirokchilarning texnologik, kadrlar, ishlab chiqarish, savdo va intellektual salohiyatini birlashtirish uchun mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklida QK tashkil etish maqsadga muvofiq deb topildi.

Bitimda qo‘shma korxonaning dastlabki ustav fondi belgilangan. Bundan tashqari, Rossiya tomoni o‘z ulushiga investisiya shaklida aktivlar, Bo‘lim esa o‘zining ilmiy innovasion ishlanmalari hamda O‘zbekiston hududida konlarni qidirish va foydali qazilmalarni qazib olish uchun olinadigan lisenziyalarni kiritadi.

Tashrif chog‘ida Rossiya mutaxassislari: dolomit, bentonit gillari va kvars qumlari kabi noma'dan foydali qazilmalarning sanoat zaxiralari mavjud bo‘lgan "Vaush" koniga, Bo‘lim raisi A.Mirzayev kashfiyotchisi bo‘lgan “Navbahor” hamda “Azkamar” MChJ tomonidan qazib olinadigan “Azkamar” bentonit gillari konlariga borishdilar. Mehmonlar keng qamrovli tadqiqotlar uchun namunalar tanladilar. Ularning ijobiy natijalari kelajakda potensial Rossiyalik iste'molchilarga mazkur no'madan foydali qazilmalarni yetkazib berishga yo‘l ochadi.

Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!