"O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan"


O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan Yurtboshimizning 2021 yil 23 avgustdagi farmoniga asosan mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta'minlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimizdan bir guruhi «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan mukofotlandi. Ularning ichida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining ikkita xodimi ham bor.

Ular – Bo‘limning bosh xisobchisi Sharofat Tosheva hamda kichik ilmiy xodimi, 3-bosqich tayanch doktoranti Sherzod Sharipov. Ularning har ikkisi ham deyarli Bo‘lim ochilgan dastlabki kunlardanoq o‘z faoliyatini olib bormoqdalar.

Yuksak mukofotlarni tantanali ravishda Bo‘limning raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abdurazak Mirzayev topshirdi. U Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan 2017-yilda bir qator vazifalarni hal etish maqsadida tashkil etilganini ta'kidladi. Ularning ichida hududning iqtisodiyot tarmoqlarini texnik va texnologik rivojlanishini, energo va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etishni ta'minlash, ishlab chiqilayotgan mahsulotlarning tannarxini pasaytirishga yordam beruvchi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazishdir. Bugungi kunda Bo‘lim o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli uddalamoqda. Kichik jamoaning ikki nafar xodimiga mamlakatimizning eng ulug‘ bayrami yubileyi munosabati bilan esdalik nishonlari topshirilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

A.Mirzayev jamoani, ayniqsa, yoshlarni, to‘xtamaslikka va faqat oldinga yurishga, mahalliy ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shishga chaqirdi.

Sh.Tosheva va Sh.Sharipovlar, o‘z navbatida, ushbu mukofotni nafaqat ularning kamtarona shaxsiy hissasi, balki butun Bo‘lim xodimlari faliyatining e'tirofi deb bilishlarini hamda davlat rahbarining ushbu e'tibori ularga o‘z vazifalarini bajarishda yanada katta mas'uliyat yuklashini ta'kidladilar.

Navoiy bo‘limi jamoasi Sharofat Saxatovnani va Sherzod Faxridinovichlarni munosib mukofot bilan chin yurakdan tabriklab, kelgusi mehnat faoliyatida undan ham yuqori muvaffaqiyatlarga erishishlarining va yangidan-yangi zafarlar qozonishlariga tilakosh ekanliklarini bildirdi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!