O‘zbekiston-Eron QKni tashkil etish rejalashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limiga Eron Islom Respublikasining “Kimya Gostaran Sepehr” kompaniyasi vakillari tashrif buyurdi.
2022 yilning 14 fevralida Eron delegasiyasi boshqaruvchi direktor A.Rajabi boshchiligida Navoiy bo‘limining ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan tadqiqotlar bilan tanishdi. Bo‘lim tadqiqotchilari va doktorantlari bilan suhbat chog‘ida mehmonlar o‘z kompaniyalari xalq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun turli xil kimyoviy reagentlar va aralashmalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgani va mahalliy mintaqada yetakchi korxona ekanligini ta'kidladilar. Shuningdek, ular Navoiy viloyatida ham shu kabi kimyo zavodini investisiya qiritish orqali qurish niyatida ekanliklarini ma'lum qilib, loyihaga ilmiy yondashish uchun olimlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdilar.
Ertasi kuni ularning xohish-istaklari “Kimya Gostaran Sepehr” kompaniyasi va FA Navoiy bo‘limi o‘rtasida do‘stona muhitda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumda o‘z ifodasini topdi.
Muzokaralarda, shuningdek, qatnashchilaridan biri Navoiy bo‘limi bo‘ladigan O‘zbekiston-Eron qo‘shma korxonasini tashkil etish imkoniyatlari muhokama etildi. Ushbu QK zavod qurilishi majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.
Bugungi kunga kelib rejani amalga oshirish maqsadida turli tashkilot va idoralar bilan muzokaralar davom etmoqda. Xususan, bo‘lim xodimlari bilan birgalikda Eronlik investorlar Navoiy viloyati hokimligi, “Navoiy” EIZ va “Navoiyazot” AJga tashrif buyurib, hamkorlik rejalarini muhokama qildilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.