Olimlar va fermerlar uchrashuvi


2021 yilning 9 aprel kuni Navoiy viloyati Navbahor tumanining “Keskanterak” madaniyat markazi hovlisidagi maydonda viloyatda paxta chigitini ekishning bugungi holati, qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarning muhokamasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev olib bordi.

Unda Navoiy viloyatining Navbahor, Konimex, Nurota va Xatirchi tumanlarining fermer xo‘jaliklari va klasterlari rahbarlari, viloyat hokimi va tumanlar hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, mutaxassislari, sohaga oid tegishli muassasa va tashkilotlarning vakillari, o‘nga yaqin respublika ilmiy-tadqiqot institutlari hamda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari bo‘lim raisi o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev boshchiligida qatnashdilar.

Yig‘ilishda sohaga innovasion texnologiyalarni joriy etish va muammolar yechimiga ilmiy yondashish hamda fermer va mutaxassislarning bilimini oshirish, kelajak sari rivojlanish va tayyor raqobatbardosh o‘zbek mahsulotini jahon bozoriga chiqarishning kaliti, - ekanligi ta'kidlandi.

Tashrif davomida olimlar joylardagi mavjud muammolar bilan tanishib chiqishdi va o‘tkazilgan seminarda paxta xom ashyosi, donli va dukkakli hamda poliz ekinlarini yetishtirish, mevali bog‘ ekinlarini parvarishlash, ekin navlarini tuproq iqlim sharoitiga moslab tanlash va joylashtirish, tuproq unumdorligini va ekinlar hosildorligini oshirish yo‘llari, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish chora-tadbirlari, suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.

Tadbir so‘nggida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar va ularni qiynayotgan muammolarga qoniqarli javoblar olishdi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!