Olimlar porloq kelajak uchun ovoz berdilar
2024 yilning 27 oktyabrida O‘zbekistonda «Mening tanlovim – obod Vatanim!» shiori ostida parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylandi. Yurtimizda ro‘yxatga olingan barcha 5 partiya ushbu saylovlarda ishtirok etdi. Mazkur saylovlarga saylov tizimini modernizasiya qilish va siyosiy partiyalar rolini oshirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar kiritildi.
Ahamiyatli o‘zgarishlardan biri aralash majoritar va proporsional tizimning joriy qilinishi bo‘ldi: Qonunchilik palatasining 150 o‘rnidan 75tasi yakka mandatli okruglardan, qolgan 75tasi esa partiyaviy ro‘yxatlar asosida proporsional tizimda saylandi. Bu tizim parlamentda mustaqil nomzodlar va partiyalar vakillarining ishtirokini ta'minlab, siyosiy xilma-xillikni oshirishga yordam berdi. Shu bilan birga, saylovlar shaffoflik va demokratiyani ta'minlash maqsadida 120 mingdan ortiq, jumladan, YeXHT va boshqa xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkazildi.
Shuningdek, siyosiy partiyalardan nomzodlarni ilgari surishda 40% ayollar uchun majburiy kvota joriy qilindi, bu O‘zbekiston tarixidagi ilk marotaba amalga oshirildi. Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining xodimlari va doktorantlari ham saylovlarda faol ishtirok etib, mamlakatda ijobiy o‘zgarishlar kiritishga qodir nomzodlarga ovoz berishdi. Bu saylov jarayoniga qiziqishning ortib borayotganini va jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini milliy va mahalliy darajada adolatli vakillik qilishga intilishni ko‘rsatadi.
Navoiy bo‘limi jamoasi nafaqat faol saylovchi sifatida, balki o‘z nomzodlarini ham ilgari surdi. O‘zbekiston ekologik partiyasidan Navoiy viloyati xalq deputatlari Kengashiga Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va “Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi” tarkibiy bo‘limi mudiri Shahnoza Qodirovalar o‘z nomzodlarini ko‘rsatdilar.
O‘tkazilgan saylovlar O‘zbekistonning demokratik jarayonlarni modernizasiya qilishga va fuqarolarni siyosiy hayotga jalb qilishga bo‘lgan sadoqatini namoyish etdi. Kvotalar joriy qilinishi va keng jamoatchilikning ishtirok etishi mamlakatda tenglikni ta'minlash va demokratik asoslarni mustahkamlashdagi katta ildamlikni ko‘rsatmoqda.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.