Oila va jamiyat haqida davra suhbati
Oila shunday muqaddas makonki, unda hayotning davomiyligini ta'minlovchi shaxs shakllanadi, urf-odatlarimiz, axloqiy-ma'naviy qadriyatlarimiz saqlanadi va rivojlantiriladi. Xalqimiz qadim-qadimdan oilani muqaddas deb bilgan. Agar oila ahil va totuv bo‘lsa, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikka erishiladi, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy manfaatlarini har tomonlama muhofaza etish uchun shart-sharoit yaratish, uning ma'naviy-axloqiy asoslarini umuminsoniy va milliy qadriyatlar mushtarakligida yanada boyitish, har tomonlama barkamol yosh avlodni tarbiyalashda oila va jamiyat hamkorligini kuchaytirish, ma'naviy va jismoniy sog‘lom avlodni shakllantirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi Yosh olimlar kengashi tomonidan xuddi shu haqda "zoom" onlayn platformasi orqali davra suhbati bo‘lib o‘tdi. "Oila va jamiyat: ma'naviy va axloqiy olam" mavzusidagi ushbu tadbirda bo‘lim olimlari faol ishtirok etib, oila, jamiyat haqidagi qator savollarga o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.
- Oila qurish, mamlakat tuzish kabi, juda muhim hisoblanib, bu kichkina mamlakatni idora kilish bilan tengdir, - dedi tarix fanlari nomzodi, dosent M.Yuldosheva. - Oilada umuminsoniy normalar asosida urf-odatlar, an'analar hurmat qilinsa, bunday oilada tinchlik, osoyishtalik hukm suradi. Uzoq yillar mobaynida amalga oshirilgan kuzatishlar, xalqimiz tarixining sinchkovlik bilan qilingan tahlillar shundan guvohlik beradi-ki, oilada ota-onaning farzandlar bilan ko‘p vaqt birga bo‘lishi, o‘zaro muloqotlar, o‘rgatilgan bilim va kasb-korlar oilaning mustahkamlanishiga olib keladi. Shunday ekan bugungi pandemiya holati oila a'zolarining jipslashishiga bir to‘rtki bo‘ldi desak xato qilmaymiz. Bundan unumli foydalanib qolish kerak, xolos.
Shu o‘rinda, doktorant A.Jumaevning Sohibqiron Amir Temurning o‘gitlaridan: «O‘g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni o‘ylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e'tibor berdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog‘lik-salomatligini, jismonan kamolatini aniqladim. Kelin bo‘lmish nasl-nasabi, odob-axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusrlardan holi bo‘lsagina el-yurtga katta to‘y tomosha berib, kelin tushirdim» degan fikrlarini keltirgani oila qurmoq barcha davrlarda davlat siyosati darajasida ekanligini ko‘rsatib berdi.
Tadbir tashkilotchilari tomonidan davra suhbatida faol ishtirok etgan yosh olimlar kengashi raisi Sh.Qodirova va doktorant L.Saidovaga minnatdorchilik bildirildi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.