Og‘ir judolik


Insondagi beminnat fazilatlar el-yurtiga qilgan xizmatida, kasbiga fidoiylik bilan qarashda namoyon bo‘ladi. Har bir mamlakat tarixini yorqin insonlar belgilaydi. Ular hayoti, zehni, bilimi, ma'naviy hususiyatlari, izlaridan ergashtirish qobiliyati bilan boshqalardan ajralib turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi og‘ir judolikka yuz tutdi. “Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi” bo‘linmasi rahbari Usmonov Muxiddin Sultonovichning bevaqt vafoti barchamizni qayg‘uga soldi. Qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi Muxiddin Sultonovich 2017 yildan buyon bo‘linma mudiri sifatida faoliyat yuritib kelgan jonkuyar olim, fidokor rahbar bo‘lib, xodimlar orasida obro‘-e'tibor qozonishga ulgurgan yuksak fazilatli inson 2020 yilining 2 sentyabr  kuni olamdan ko‘z yumdi.

 

 

M.S.Usmonov 1958 yilda Namangan viloyati Chust tumanida tug‘ilgan va hayoti davomida respublikamiz qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan paxtachilikda yuzaga kelgan muammolarni chuqur o‘rganib, ularni yechimini topishga harakat qilgan, izlanishlar olib borgan va soha rivojiga o‘zining munosib xissasini qo‘shgan fidokor olim edi. Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mintaqamizda o‘ziga xos maktab yaratgan, chuqur bilim va tafakkurga ega, shijoatli, tashabbuskor, yuksak idrokli, noyob aql-zakovat sohibi, yaxshilik, ilmiy ijod nurlarini taratuvchi shaxs yetuk olim edi. M.Usmanov o‘z faoliyati davomida soha rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelgan yetuk agronom-olim edi.

Olib borgan izlanishlari davomida chigitni bentonit gili bilan qobiqlab ekish, bentonit suspenziyasi bilan chigitni bargidan oziqlantirish innovasion usullarini joriy etish hamda ertapishar va serhosil bug‘doy navini yaratish maqsadida mahalliy agromineral resurslardan tabiiy geobioaktivatorlarni olishning arzon va samarali texnologiyasini ishlab chiqish, uni respublika qishloq xo‘jaligi amaliyotida sinovdan o‘tkazish va boshqa shu kabi mavzularda qator loyihalarni amalga oshirish bilan birgalikda 2 ta patent hamda qator ilmiy maqolalar muallifi bo‘lgan.

Iste'dodli olim tashkilotchilik va yuksak insoniy fazilatlari bilan bo‘lim xodimlari hurmatini qozongan. Innovasion g‘oyalar kashfiyotchisi, shogirdlarga dadil qadamlar bilan ilmiy faoliyat olib borish va mamlakat iqtisodiyotini o‘stirishga munosib hissa qo‘shishdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishlarida xamnafas Usmonovning mashaqqatli mehnati, yangilikka va yaratuvchanlikka yo‘g‘rilgan hayot maktabi ilm sohasidagi ko‘pchilik yoshlarga ibrat bo‘lishi aniq.

Bu og‘ir judolik munosabati bilan Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi jamoasi M.S.Usmonovning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!