Ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi


Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va uning hududiy boshqarmasining yetakchi mutaxassislari tashrif buyurdi. Navoiylik olimlarning istiqbolli loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Bo‘limning raisi Abdurazak Mirzayev Vazirlikni tegishli bo‘limlarining boshliqlari Bekniyoz Narziyev va Qudratjon Yusupovlar bilan suhbatlashganda, Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan so‘nggi to‘rt yilda 50dan ortiq innovasioon va amaliy loyihalarni tayyorlanganligini aytib o‘tdi. Vazirlikni mutaxassislari esa ularni tayyorlashda Bo‘limning yosh olimlarining faolligini ta'kidlab, loyihalarni yozganda nimalarga e'tibor berish kerakligi to‘g‘risida o‘z tavsiyalarini berdilar.

Respublikamizning poytaxtidan tashrif buyurgan mehmonlar davlat-xususiy sherikchilik asosida Innovatsion rivojlanish vazirligi ko‘magida byudjet va investor mablag‘lari bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan Bo‘limning bir qator loyihalariga qiziqish bildirdilar. Bular:

Toshqozg‘on koni ma'danidan elektrotexnika, metallurgiya va kimyo sanoatida foydalanishga yaroqli bo‘lgan grafit boyitmasini olish texnologiyasini yaratish. Ushbu yo‘nalishda bugungi kunda laboratoriya sinovlari o‘tkazilmoqda.

Kvars qumlarini boyitish. Bu loyiha bo‘yicha innovasioon qurilma – pul'sasion kolonnaning texnik sxemasi ishlab chiqilgan.

Vaush koni dolomitini kompleks qayta ishlash yo‘li bilan magniy oksidi (magnezit) olish. Bu yo‘nalishda bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi va ishlab chiqarish sharoitida tekshirishni talab qiluvchi texnologiya ishlab chiqildi.

Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarini nokimyoviy usulda mikroblarga qarshi ishlov berish markazini yaratish. Rossiyalik sarmoyadorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Bo‘limning paxta sanoati chiqindilarini qayta ishlash orqali mineral o‘g‘itlar ishlab chiqish hamda “Ekopark” tashkil etish kabi loyihalari ham e'tiborga loyiq deb e'tirof etildi.

Toshkentdan kelgan mehmonlarida FA Navoiy Bo‘limida ko‘chma tezkor geologiya qidiruv bo‘linmasi (mobil geologorazvedka otryadi)ni tashkil etish taklifi ham katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, tog‘ jinslari tarkibini o‘rganish uchun turli xil usullarda ya'ni, burg‘ilash quduqlari va tog‘ lahmlaridan olgan namunalaridagi tog‘ jinslarining kimyoviy va mineralogik tarkibini, texnologik xususiyatlarini tezkor tahlil qilish uchun bo‘linma negizida analitik laboratoriya va tezkor analitik stansiya ham tashkil etish rejalashtirilgan. Bu ma'dan va noma'dan konlarni, birinchi navbatda Qizilqum va Nurota ruda konlarini hamda texnogen chiqindi konlarining foydali tarkibiy qismlarini har tomonlama o‘rganishga yo‘naltirilgan geologik izlanishlarni tez va ishonchli amalga oshirish imkonini beradi. Mazkur otryad biron bir xorijiy kompaniyasi bilan birgalikda qo‘shma korxona shaklida tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bugungi kungacha Rossiya, Xitoy va boshqa bir qator davlatlar kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi. Moliyalashtirish kun tartibidagi asosiy masala bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, B.Narziyev va Q.Yusupov Navoiy viloyati Innovasioon rivojlanish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sh.Xolboyev bilan birgalikda Bo‘limda bajarilayotgan loyihalarning holatlarini o‘rganib chiqdilar va ularning ijrochilariga zarur laboratoriya sinovlarini o‘tkazish, tayyor mahsulotlarga potensial iste'molchilarini qidirishni tashkil etish, kalendar va yakuniy hisobotlarni tayyorlash tartibi to‘g‘risida o‘z tavsiyalarini berdilar.

Tadbir yakunida tomonlar yaqinroq hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!