Paxta sohasidagi muammolar muhokama qilindi
Joriy yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tashabbusi bilan Toshkentda "Fanlar akademiyasining paxtachilik sohasidagi ishlanmalari" mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ilmiy markazlari yetakchi olim va mutaxassislari hamda fermerlar ishtirok etdi.
O‘zining kirish nutqida Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik B.S.Yuldashev ushbu seminar birinchi marotaba tashkil etilganligini va har yili yanvar oyida "oq oltin" to‘plash va uni qayta ishlash tugallangandan so‘ng nafaqat yutuqlarni, balki muammolarni muhokama qilib, bartaraf etish maqsadida o‘tkazilishini ta'kidladi. Sifat va narx muhim rol o‘ynaydigan jahon bozorining hozirgi talablaridan kelib chiqqan holda, ushbu sohada innovasiyalarni joriy etish va istiqbolli ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini aytib o‘tdi. Bu vazifani jalb qilingan institutlarning yetuk olimlari, mutaxassislari va fermerlar bilan birgalikda samarali sa'y-harakati evaziga bajarish mumkin.
Shundan so‘ng ma'ruzalar tinglandi. Har bir taqdimot ishtirokchilarning samimiy qiziqishlarini uyg‘otdi. Xususan, olimlar g‘o‘zaning yangi navlarini yetishtirish, jumladan, ertapishar, sovuqqa chidamli va kam suvli va sho‘rlangan yerlarda o‘stirish, biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqish va ulardan foydalanish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish, agro-klasterlarni rivojlantirish borasida erishilgan yutuqlar va muammolar haqida suhbatlashdilar. Seleksiya va urug‘chilik, paxtaning biotexnologiyasi va genomikasi inqirozidan chiqish yo‘llari ham ko‘rib chiqildi. Har bir mintaqaning tuproq-iqlim sharoiti va dehqonlarning tajribalari tozaligi va xolisligi bo‘yicha olimlarning tavsiyalariga muvofiqligini hisobga olgan holda navlarni ekish muhimligi ta'kidlandi.
Seminarda FA Navoiy bo‘limi “Paxta chigitini qobiqlab ekish va g‘o‘zani bargidan oziqlantirishda bentonit gillaridan foydalanishning istiqbollari” mavzusida uch yillik tadqiqotlar natijalarini taqdim etdi. Bentonit uzoq vaqt namlikni ushlab turish va saqlab turish qobiliyatiga ega, shuni evaziga g‘o‘za tez va yaxshi rivojlanadi. Xatirchi tumanidan seminarga kelgan "Po‘lat bobo" fermer xo‘jaligi raisi ham buni tasdiqladi. Tajribalar mamlakatimizning boshqa to‘rtta maydonlarida ham o‘tkazilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro aloqalar almashdilar va samarali hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldilar.
Fevzi ISTABLAEV,
FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.