Nigohlarni Sharqqa qaratib
2024 yil aprel oyining so‘nggi kunlarida Xitoy ishbilarmonlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limiga tashrif buyurdilar. Samarali muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Xitoy delegasiyasiga Yangi energetika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo-Xitoy alyansi raisi, janob Sun boshchilik qildi. U Alyansning Xitoydagi 50ga yaqin kompaniyalar va tadbirkorlik subyektlarini hamda 10ga yaqin universitet va ilmiy-tadqiqot institutlarini birlashtirgan holda geologiya, konchilik ishi, metallurgiya, foydali qazilmalarni boyitish, mashinasozlik, muqobil qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishlarida faoliyat yuritishini ta'kidlab o‘tdi.
U bilan birga “Hunan Xiangxiang Pump manufacturing Co.Ltd” sanoat nasos agregatlari ishlab chiqarish kompaniyasi bosh direktori, janob Lo va “Changsha Heijingang Industrial Co. Ltd” kompaniyasi direktor o‘rinbosari, janob Yang ham keldilar.
Ular bilan Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev, xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev, ilmiy kotib Djaxangir Gulyamov va tarkibiy bo‘lim mudiri O‘ktam Xakimovlar muzokaralar olib bordilar.
Muhokama davomida Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev Sanoat, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoatida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etishga ko‘maklashish O‘zbekiston-Xitoy xalqaro markazini tashkil etishni taklif qildi. Ushbu markaz Navoiy shahrida joylashishi ko‘zda tutilgan. Uning xodimlari ishlab chiqarishda qabul qilingan mavjud texnologiyalarni takomillashtirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish uchun mazkur sohalardagi jahon ilmiy yutuqlarini o‘rganadilar va tahlil qiladilar. Markaziy Osiyo mamlakatlarida ekologik vaziyatni yaxshilash va suv muammolarini yechish, sho‘rlanish va tuproq degradasiyasiga qarshi kurashish, shuningdek hosildorlikni oshirish va yangi turdagi ekinlarni ko‘paytirishga yordam beradigan ilmiy tadqiqotlar olib borishga qaratilgan xalqaro loyihalarni ishlab chiqishda ishtirok etadilar. Bundan tashqari, yer qa'rini geologik o‘rganish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tog‘-kon, kimyo va qurilish sanoatiga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan xalqaro loyihalarni tayyorlaydilar.
Xitoyliklar bu fikrni qo‘llab-quvvatladilar. Tomonlar Xitoy tomoni ushbu xalqaro markaz faoliyatini moliyalashtirish uchun investorlarni topishga, O‘zbekiston tomoni esa ofis uchun joy topib, xodimlarning ishlashi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga kelishib oldilar.
Keyingi qadam sifatida infratuzilmadan uzoqda joylashgan ma'dan va noma'dan foydali qazilmalar zaxiralarini tezkor geologik qidiruv ishlarini olib borish maqsadida mobil ilmiy-ishlab chiqarish geologik qidiruv otryadini yaratish g‘oyasi muhokama qilindi. Olingan natijalarni manfaatdor investorlarga ular tomonidan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash uchun berilishi mumkin. Ushbu otryad, shuningdek, lalmikor yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llagan holda mevali bog‘lar yaratish uchun yer osti suvlari bilan ta'minlashda zarur bo‘ladigan yer osti quduqlarini qazishda va yer osti suvlar zahiralarini aniqlash va ularning tarkibini kimyoviy tahlil qilishi mumkin bo‘ladi.
May oyining birinchi yarmida Xitoydan kengaytirilgan delegasiya kelishi kutilmoqda. Muzokaralardagi savollardan biri etib xitoylik sheriklar tomonidan xalqaro markaz faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish masalasini ko‘tarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mehmonlar Navoiy bo‘limi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida bo‘lib, unda ilmiy xodimlar va doktorantlarining ilmiy ishlanmalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.