Navoiyda Rossiyaning yetakchi OO‘Yuning vakolatxonasi ochildi
2022 yilning 18 avgustida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida Sankt-Peterburg davlat universiteti vakolatxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Navoiy” EIZ direksiyasi xodimlari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat universiteti rahbariyati va o‘qituvchilari, boshqa manfaatdor tashkilot va korxonalar vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limidan katta ilmiy xodim Fevzi Istablayev ishtirok etdi.
Marosimda ramziy qizil lenta kesildi. So‘ngra Sankt-Peterburg universiteti rektorining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Sergey Andryushin universitet faoliyati haqida ma'lumot berib o‘tdi. Xususan, u Sankt-Peterburg davlat universiteti Yevropa va jahondagi eng yirik ilmiy-ta'lim markazlaridan biri ekanligini aytdi. Bugungi kunda bu yerda 20 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, ularning to‘rtdan bir qismi xorijiy, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridir. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha universitet mamlakatda yetakchi o‘rinni egallaydi. Universitetda Nobel va Fields mukofotlari laureatlari ishlaydi, Rossiya Federatsiyasining yetakchi ilmiy parki tarkibiga kiruvchi 15 dan ortiq yirik laboratoriyalar va 23 ta resurs markazlari tashkil etilgan. Universitet boy tarixga ega va haqli ravishda Rossiyadagi birinchi universitet hisoblanishi mumkin.
Joriy yilda Toshkentda Sankt-Peterburg davlat universitetining filiali ochilib, “Postsovet hududida xalqaro munosabatlar” ikki darajali magistratura yo‘nalishi bo‘yicha talabalarning birinchi qabuli bo‘lib o‘tdi. Hozir esa Navoiy shahrida vakolatxona faoliyatini boshladi. Bu yerda abiturientlardan hujjatlarni qabul qilishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, vakolatxona ishlab chiqarish korxonalarining muammoli masalalarini hal qilishga va Rossiya universitetining ilg‘or ishlanmalarini mintaqaga joriy etishga hissa qo‘shadi.
Norasmiy muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va Sankt-Peterburg davlat universiteti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Birinchi qadam sifatida hamkorlik memorandumini imzolash kutilmoqda.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar uchun “Navoiy” EIZ tizimidagi korxonalarga ekskursiya tashkil etildi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.