Navoiy bo‘limi tayanch doktoranti o‘z dissertasiyasini Namanganda himoya qilindi


2021 yilning 19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tayanch doktoranti Jasur Beknazarov 05.02.02 – “Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinashunoslik va mashina detallari” ixtisosligi bo‘yicha “O‘zgaruvchan parametrli va qayishqoq elementli tishli uzatmalar konstruksiyasini ishlab chiqish va hisoblash usullari” mavzusida texnika fanlari falsafa doktori (PhD) dissertasiyasini muvoffaqiyatli himoya qildi. Dissertasiya himoyasi Namangan muhandislik-qurilish instituti huzuridagi ilmiy kengashning majlisida bo‘lib o‘tdi. Shu bilan, Jasur FA Navoiy bo‘limining tayanch doktorantlari ichida ikkinchi bo‘lib bu ishni uddaladi.

J.Beknazarov tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotning maqsadi o‘zgaruvchan parametrli, tarkibli, qayishqoq elementli tishli g‘ildiraklari bo‘lgan mexanizmning resurstejamkor konstruksiyasi va hisoblash usullarini ishlab chiqishdan iborat edi.

Tadqiqot ob'ekti sifatida mashinasozlik sanoatida keng foydalaniladigan «Val's» texnologik mashinasining C2U-160 rusumli reduktorining tarkibli tishli g‘ildirakli uzatish mexanizmi olingan.

Tadqiqot davomida tishli uzatmaning tashqi xalqa va stupitsa orasiga qayishqoq element qo‘yish orqali takomillashtirilgan konstruksiyasi ishlab chiqilgan va C2U-160 rusumli reduktorida qo‘llanilgan. Tavsiya etilgan tishli g‘ildirakli mexanizmni ratsional parametrlari hamda ish rejimi ko‘p omilli tadqiqotlar yordamida aniqlangan

Bugun har bir ilmiy ishning ishlab chiqarishga joriy etish darajasi bilan ahamiyatli. J.Beknazarovning ishi shular qatoridan. Masalan, u tomondan ishlab chiqilgan tarkibli qayishqoq elementli tishli g‘ildirakli mexanizm bilan jihozlangan C2U-160 ikki pog‘onali reduktorning takomillashgan konstruksiyasi «NAVOIY SUV TA’MINOTI» MChJga joriy etilgan. Natijada, reduktorning ekspluatasion samaradorligini 12-15 foizga oshirishga erishilgan.

Ilmiy kengashning barcha a'zolari J.Beknazarovga texnika fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bir ovozdan ma'qulladilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!