Atoqli olim sharafiga xalqaro anjuman
2025-yilning 27-noyabrida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida akademik Sodiq Azimov tavalludining 111 yilligiga bagʻishlangan “Akademik S.Azimov ilmiy merosi: fundamental fandan sanoat innovatsiyalarigacha” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi rahbariyati va ilmiy xodimlari faol ishtirok etdilar.

Atoqli fizik olim, akademik, yadro fizikasi sohasining yirik vakili Azimov Sodiq Azimovich oʻzi ishlab chiqqan usul yordamida kosmik nurlar tarkibida mezonlarga daxlsiz elektron va fotonlar mavjudligini isbotlagan. Pomir togi tepasidagi stansiyada (dengiz sathidan 3900 m balandligi) oʻz xodimlari bilan birgalikda kosmik nurlar va yadrolarning oʻzaro taʼsirini oʻrganish borasida olib borgan ilmiy izlanishlari elektron-yadro oqimlarini kashf etish imkonini bergan. Olim oʻta yuqori energiyali yadro jarayonlari oʻrganiladigan togʻ stansiyasi qurilishini tashkil etgan.

S.Azimov rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida quyosh nuri energiyasidan foydalanish usuli asosida oʻta sof yarimoʻtkazgich materiallar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqilgan hamda 1987 yilda Parkent tumanida 1 megavatt quvvatga ega konsentratori bor noyob quyosh pechi barpo etilgan. Akademik yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi va yuqori haroratli geliomaterialshunoslik ilmiy maktablariga asos solgan.
Akademikni shaxsan tanigan va uni oʻzlarining ilmiy rahbari deb bilgan plenar majlisda maʼruza qilgan koʻplab olimlar Sodiq Azimovichning nafaqat ilm-fan ravnaqiga qoʻshgan beqiyos hissasini, balki uning ochiqkoʻngilligi, muloqotchanligi, insonparvarligi, yuksak maʼnaviy-axloqiy tamoyillarini ham katta ehtirom bilan eslab oʻtdilar.

Maʼruza qilganlar orasida Navoiy boʻlimi raisi oʻrinbosari Quvondiq Nurboyev ham boʻldi. U oʻz taqdimotida radiometrlardan kon-metallurgiya sanoati va seysmologiya sohasidagi amaliyotda foydalanish imkoniyatlari haqida soʻz yuritdi. Taʼkidlanishicha, mazkur asboblardagi qoʻllanilayotgan datchiklarning asosida aynan S.Azimov tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalar yotadi. Radiometrlar ixcham boʻlib, inson salomatligi uchun xavf tugʻdiruvchi radon gazining miqdorini aniqlash imkonini beradi. Maʼlum boʻlishicha, radon zilzilalar oldidan yer osti qatlamlaridan koʻp miqdorda ajralib chiqarkan. Shuning uchun maʼlum chuqurlikda radon konsentratsiyasini muntazam kuzatib borish orqali boʻlajak zilzila haqida oldindan ogohlantirish imkoniyati paydo boʻladi. Hozirda bu boradagi sinov-tajribalari davom etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ulugʻ olim S.Azimovning boy ilmiy merosi bugun ham atrofimizdagi olamni yaxshilashga, uning taraqqiyotiga hissa qoʻshishda davom etmoqda.
FA Navoiy boʻlimi matbuot xizmati.