Maqsad – oldindan xabar berish, vazifa - hayotlarni saqlab qolish


Zilzila eng halokatli tabiiy hodisalardan biri bo‘lib, u nafaqat halokatli vayronagarchilikni keltirib chiqaradi, balki butun sayyora bo‘ylab har yili o‘nlab va yuz minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lib kelmoqda. Zilzilalar har doim o‘z kuchi, oldindan aytib bo‘lmaydiganligi va oqibatlari bilan odamlarni dahshatga solib kelgan. Aynan bashorat qilib olmaslik ularni juda ham xavfli qiladi.

Bu O‘zbekistondagi uchta ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosi Quvondiq Nurboyev, Fizika-texnika instituti direktori Xusniddin Olimov va G‘.A. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti direktori Vahob Rafikovlar o‘rtasida muzokoralar o‘tkazildi. Ular natijasida Ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama kelishuv imzolandi.

Ma'lumki, zilzilalardan oldin tektonik plitalarning harakati bilan bog‘liq geologik jarayonlar natijasida radioaktiv gaz - radon yerdan tashqariga chiqadi va uning miqdori keskin oshadi. Ushbu gaz og‘ir bo‘lgani uchun u yer pastiga tarqaladi va chuqurliklarda, masalan, quduqlarda yaxshi to‘planadi.

Bunday quduqlarda havo tarkibini doimiy ravishda kuzatib borish, ya'ni radon miqdorini kuzatish ilmiy ma'lumotlarni to‘plash imkonini beradi, buning asosida prognoz, ya'ni bashoratlar qilish mumkin bo‘ladi. Seysmologiya institutida monitoring olib borish uchun quduqlar mavjud. Ulardagi radon miqdorini o‘lchash uchun Fizika – texnika instituti olimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi hamkasblari bilan birgalikda ishlab chiqilgan maxsus uskuna - radonometrdan foydalanish rejalashtirilgan.

Maqsad sari birinchi qadam qo‘yildi. Ehtimol, olingan ma'lumotlar aholini bo‘lajak zilzilalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilish masalasida katta yutuqlarga erishishga imkon beradi. Albatta, bizning jonajon O‘zbekiston zaminimizda shunday falokatlar imkon qadar kam uchrasin, ammo xavfsizlik choralari ortiqcha bo‘lmaydi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!