Xitoy yanada yaqinroq


   Ikki hafta davom etgan ish safarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev, xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev hamda Geologiya, qazib olish, qimmatbaho, rangli metalllarni va uranni qayta ishlash bo‘limi mudiri Sherzod Sharipovlar Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi, Qashg‘ar, Sin’sin va Pekin shaharlarida ish safarida bo‘ldilar. Tashrifning maqsadi rasmiy taklifga binoan “Ipak yo‘li” tog‘sanoat hamkorligi forumida ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etib, tadbir doirasida va undan tashqarida xitoylik muassasa va korxonalar bilan ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazish edi.

    Forumda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston va boshqa o‘nlab davlatlardan delegatsiyalar to‘plandi va ikkita alohida anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Unda import qilinayotgan mineral resurslarni qayta ishlash masalalari va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni (ShUAR) Qashg‘ar okrugida mineral sanoat sohasida hamkorlik ustuvorliklari muhokama qilindi. Ishtirokchilar investitsiya loyihalarini taqdim qilishdi va mintaqaning fan va texnika yutuqlari bilan tanishish uchun sanoat-iqtisodiy zonaga tashrif buyurdilar.

   Navoiy bo‘limi raisi ma’ruzasida ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosatlari natijasida mamlakat so‘nggi yillarda dunyoga keng ochildi: bugungi kunda 80 dan ortiq davlat bilan vizasiz rejim joriy etilgan, jumladan O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Xitoy bilan ham. Bu ikki davlat olimlari va biznes tuzilmalar o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Hozirgi kunda Navoiy bo‘limi Xitoyning taxminan qirqtacha davlat muassasalari, institutlari va kompaniyalari bilan memorandum va kelishuvlarga ega. A.Mirzayev bu ro‘yxatni kengaytirish va geologiya, foydali qazilmalarni qazib olish, boyitish hamda qayta ishlash sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi.

   Bu taklifga bir qator xitoylik kompaniyalar ijobiy javob qaytardi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi, 3D-chop etish va modellashtirish sohalarida xizmat ko‘rsatuvchi “Quifei Smart Services Co., Ltd.” va yangi energiya avtomobillari hamda tog‘-kon sanoati uchun maxsus texnikani ishlab chiqaradigan Geely xoldingi kabilar. Navoiy bo‘limi ular bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlarni imzoladi.

  Safar mobaynida olimlar Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining bolalar shifoxonasiga tashrif o‘tkazdilar. Uchrashuvda Navoiy viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bilan hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Xitoy pediatrlari o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish mas’uliyati Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va ShUARdagi Ilm-fan va texnika rivojlanishi strategiyalari institutiga yuklandi. Bu qaror oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan onlayn yig‘ilishda ilgari surilgan edi. Noyabrdagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi va Xitoy tomonidan rasmiy xat yuborildi. Hamkorlik doirasida bolalardagi nevrologik hamda kritik holatlarning erta tashxislanishi va davolash metodlarini o‘rganish, kognitiv buzilishlar bo‘yicha tadqiqotlar, tajriba almashinuvi va mutaxassislarning malakasini oshirish rejalashtirilgan.

 Yana bir imzolangan muhim hujjat — bu Shinjonning “Jinchen” energetika texnologiyalarini rivojlantirish kompaniyasi bilan birgalikda “Sanoat, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoatida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etishga ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekiston–Xitoy xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi kelishuvdir. Markaz Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi qoshida tashkil etilishi hamda ilmiy tadqiqotlar, sanoat ishlab chiqarish va energetika sohalarida hamkorlikni rivojlantirishi ko‘zda tutilgan.

   Pekinda navoiylik delegatsiya Xitoy Geologik fanlari akademiyasining Geomekanika institutiga tashrif uyushtirdi. Asosiy tahlil mavzusi — kelajakda qurilishi rejalashtirilgan “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li marshruti bo‘ylab geologik izlanishlar olib borish bo‘yicha xalqaro loyihalarni tayyorlash bo‘ldi. Temir yo‘l qurilishi tog‘ tizmalari orqali tunnel yotqizishni o‘z ichiga oladi, bu tog‘ jinslarining tarkibi va tuzilishini tahlil qilish hamda tektonik yoriklarni o‘rganish uchun noyob imkoniyatlarni ochib beradi, bu zamonaviy relyefning shakllanish bosqichlarini aniqlashtirishga yordam beradi.

    Tomonlar qurilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yer ko‘chishi jarayonlari, deformatsiya va uzilishlar masalalari yuzasidan fikr almashdilar va qo‘shma tadqiqotlar boshlash, geomekanik modellashtirish olib borish, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash, xavfsizlik monitoringi tizimlarini joriy etish va ma’lumot almashish uchun yagona platforma tashkil etishga kelishdi. Shuningdek, Qirg‘iziston mutaxassislarini ham sherik sifatida jalb etish muhimligi qayd etildi. Yaqin kunlarda Navoiy bo‘limi xodimlarining Qirg‘izistonga ish safari rejalashtirilgan.

   Keyinchalik Geomekanika institutida ilmiy muassasalar va savdo kompaniyalari vakillari ishtirokida kengaytirilgan seminar o‘tkazildi.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 iyundagi qarori bilan Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi zimmasiga yuklatilgan vazifalar orasida xalqaro hamkorlikni tashkil etish, shuningdek, hududning texnologik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish alohida o‘rin tutadi. Shu munosabat bilan A.Mirzayev xitoylik hamkasblar oldiga ikki tashabbusni ilgari surdi.

  Birinchisi — bozor kon’yunkturasi tahlili asosida investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va tayyorlashga ixtisoslashgan Xalqaro konsalting markazini tashkil etishdir. Markaz investorlar uchun uskuna va tovar xususiyatlaridan kelib chiqib individual loyihalar ishlab chiqadi, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozorlari ehtiyojlarini, xomashyo bazasini, eksport salohiyatini va lokalizatsiya davlat dasturlariga muvofiqligini o‘rganadi. Bu investorlar uchun istiqbol va xatarlarni tez va aniq baholash imkonini beradi.

  Ikkinchi tashabbus tadbirkorlarga qaratilgan bo‘lib, Xitoyning O‘zbekistonga investitsiyalarini muvofiqlashtirish uchun xalqaro axborot-tahlil biznes markazini tashkil etish bilan bog‘liq. Loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning jadal o‘sishiga asoslangan. Markaz ko‘p tarmoqli tuzilishga aylanadi, jumladan Xitoy kompaniyalari uchun ofis qanoti, yirik uskunalarni namoyish qilish uchun ko‘rgazma pavilyoni binosi, shuningdek, xitoylik ishlab chiqaruvchilarning tovarlarini sotish uchun mini-bozor. Bu yerda o‘zbekistonlik tadbirkorlar ham Xitoy kompaniyalariga o‘z mahsulotlarini taklif qilishlari mumkin bo‘ladi. Bu savdo va investitsion faollikni kengaytirish uchun sharoit yaratadi va mintaqaning xalqaro sheriklar uchun jozibadorligini oshiradi.

   Loyiha bir necha xitoylik kompaniyalar bilan kooperatsiya shaklida amalga oshirish taklif etildi. Navoiy viloyati xalqaro yuk samolyotlarini qabul qila oluvchi aeroport va erkin iqtisodiy zona mavjudligi tufayli qulay geografik ahamiyatga ega. Navoiy bo‘limi shartnoma asosida konsultativ xizmatlar ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

  Bundan tashqari, navoiylik olimlar tog‘ jinslarini maydalash uskunalari va tegirmonlarini ishlab chiqaruvchi “Henan Wanshi Hengtong” va yem-ozuqani qayta ishlashga ixtisoslashgan “Product Philosophy” kabi kompaniyalarining sanoat ustaxonalarida bo‘ldilar. Delegatsiya texnologik jarayonlar bilan tanishdi va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

  Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi rahbariyati va tadqiqotchilarining Xitoyga amaliy tashrifi ikki mamlakat olimlari va tadbirkorlari o‘rtasidagi ilmiy, ishlab chiqarish va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi. Muzokaralar, imzolangan hujjatlar va kelishuvlar kelgusidagi qo‘shma loyihalar va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!