Kimyo sanoati e’tibor markazida
Joriy yilning 2-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari olimlar oldiga bir qator mas’uliyatli vazifalarni qo‘ydi. Joylardagi vaziyatni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shaxloxon Turdikulova boshchiligidagi ishchi guruh 12-iyun kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Ishchi guruh tarkibidan Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari — Umumiy va noorganik kimyo, Polimerlar kimyosi va fizikasi, O‘simlik moddalari kimyosi, Ion-plazma va lazer texnologiyalari, Materialshunoslik institutlari, shuningdek, «Fan va taraqqiyot» DM hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rahbarlari va olimlari joy oldi. Ular Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev rahbarligidagi ilmiy xodimlar bilan birgalikda yirik va kichik xususiy kimyo korxonalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Jumladan, O‘zbekistondagi yetakchi kimyo korxonalaridan biri — «Navoiyazot» AJga tashrif doirasida ishchi guruh zavod tarixi, bu yerda amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Korxona bo‘ylab uyushtirilgan ekskursiya davomida mehmonlarda ishlab chiqarish ko‘lami katta taassurot qoldirdi. Katta hudud yagona boshqaruv pultidan nazorat qilinadi, jarayonlar avtomatlashtirilgan, ma’lumotlarni tahlil qilish uchun esa sun’iy intellekt keng joriy etilmoqda.
Muloqot chog‘ida Prezident videoselektor yig‘ilishi ishtirokchilari oldiga keng ko‘lamli investitsiya dasturini amalga oshirish, innovatsiyalarni joriy etish hamda sohaviy ilmiy-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish hisobiga O‘zbekiston kimyo tarmog‘ini xomashyo yo‘nalishidan o‘z xomashyomizni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga qayta yo‘naltirish vazifalarini qo‘yganligi ta’kidlandi. Davlat rahbari ushbu ulkan maqsadlarga erishish uchun tarmoqni ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar negizida boshqarish zarurligini alohida qayd etdi.

«Navoiyazot» AJ tajriba o‘rganish uchun munosib namunalardan biridir. Agar bundan 15 yillar avval bu yerga chiqariladigan mahsulotning 85%ini mineral o‘g‘itlar tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda diversifikatsiya va mahalliylashtirishga qaratilgan kurs tufayli ularning ulushi atigi 58%ni tashkil etmoqda, keyingi o‘rinlarda esa organik kimyoviy mahsulotlar va polimer buyumlar — tegishlicha 26% va 9%ni tashkil qilmoqda. Ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish uchun quvvati 300 MVt bo‘lgan lokal fotoelektr stansiyasini qurish hamda qo‘shimcha ravishda zamonaviy havoni ajratish qurilmasini barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan. Yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda, Navoiy kimyo texnoparki faoliyat yurritmoqda.

Korxona bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinmoqda, biroq ishlab chiqarishda hali ham keyingi o‘rganishlarni talab qiladigan vazifalar mavjud. Energiya iste’moli yuqori bo‘lgan texnologik parkning bir qismini yangilash zaruriyatini shular jumlasiga kiritish mumkin, zero bu ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxiga ta’sir ko‘rsatadi, iste’molchi uchun esa narx eng muhim ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda. Yetkazib berish bozorini kengaytirish uchun texnologiyani shunday takomillashtirish kerakki, yuqori sifat saqlab qolingan holda narxning maksimal darajadagi raqobatbardoshligi ta’minlash lozim. Bundan tashqari, ishlab chiqarish zanjiridagi asosiy xomashyo turlaridan biri bo‘lib tabiiy gaz qolmoqda. Muqobil variantlarni izlab topish ham eng muhim amaliy vazifa hisoblanadi.

Muzokaralarda «Navoiyazot» AJ muhandislari ushbu masalalarni o‘rtaga tashladilar va olimlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Olimlar, o‘z navbatida, ishlab chiqaruvchilarni mavjud salohiyat bilan tanishtirdilar va ularga istiqbolli ishlanmalarni taqdim etdilar. Ular orasida — metall konstruksiyalarga korroziyaga bardoshli polimer qoplama surtishning innovatsion usuli, oqova suvlarni tozalash uchun grafen asosidagi filtr va boshqa loyihalar mavjud.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu muloqot kelgusi hamkorlikni kengaytirish uchun o‘ziga xos poydevor bo‘lganini e’tirof etdilar.
So‘ngra ishchi guruh Navoiy viloyati hokimligiga yo‘l oldi va u yerda xususiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan «davra suhbati» bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Elbek G‘afforov boshchiligida o‘tgan suhbatda ilmiy muassasalarning nafaqat kimyo yo‘nalishidagi, balki ularning faoliyati uchun yer qa’ridan xomashyo qazib oluvchi boshqa xususiy korxonalar bilan ham ishlashi muhimligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlar bunday uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazib turish zarurligini, olimlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish esa ishlab chiqarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan ko‘ra bilish va ularni paydo bo‘lgunga qadar bartaraf etishga yordam berishini qayd etdilar.

Faqatgina olimlar va ishlab chiqaruvchilarning ishonchli tandemi, bilim va tajriba simbiozi nafaqat sohaning, balki umuman mamlakatning yanada rivojlanishiga, shuningdek, fuqarolar farovonligini oshirishga, respublikaning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.