Kelajak uchun o‘nta loyiha


Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitining (NDKTU) faollar zalida Navoiy shahridagi iqtidorli-iste'dodli va innovator yoshlarning innovatsion loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Navoiy shahar hokimi Muratxan Egamqulov, yirik sanoat korxonalari vakillari, olimlar, xorijiy ekspertlar ishtirok etdilar. Ularga NDKTU va FA Navoiy bo‘limi, shuningdek, innovatsiyalar bilan shug‘ullanadigan boshqa tashkilotlar yoshlari o‘z ishlanmalarini taqdim etdilar.

Navoiy shahar hokimi M.Egamqulov tadbir ishtirokchilarni qutlab, yoshlardan tengdoshlarini harakatga chaqirishlarni, ularning ham o‘z ovozi, o‘z o‘rni bo‘lishiga ko‘maklashishlarini va Navoiy shahrini innovatsion hududga aylantirishga qissa qo‘shishlarini so‘radi hamda ilhomlanishdan, ixtirolar yaratishdan, bilim olishdan charchamasliklarini tiladi.

Sho‘ndan so‘ng, uchrashuvda tashabbuskor va faol yoshlar o‘zlarining kelajak rejalari, takliflarini bayon qildilar. Amalga oshirish, hayotga tadbiq etish lozim bo‘lgan loyihalar bo‘yicha amaliy yordamlar so‘radilar va shahar hokimi loyihalarni qo‘ldan kelguncha qo‘llab-quvvatlashga va'da berdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi birinchi bosqich tayanch doktoranti Nigora Nosirova Bo‘lim olimlari tomonidan tayyorlangan Navoiy shahrida aholini sog‘lomlashtirishga ixtisoslashgan “Ekologik bog‘” tashkil qilish bo‘yicha amaliy loyihasini taqdimotini o‘tkazdi. Loyihada Navoiy shahri hududida sanoat korxonalari zich joylashgani sabab aholida nafas olish, ovqat hazm qilish a'zolari, qon aylanish va asab tizimi kasalliklari ko‘payganini inobatga olib “ekologik bog‘” yaratish zarur ekanligi asoslangan. Ikki gektar yerda mavsumiy o‘simliklar (moychechak, rastoropsha), yil davomida hosil beradigan qulupnay, shipovnik va boshqa ko‘p yillik dorivor o‘simliklar, makka sano, godji va boshqa dorivor butalar hamda zaytunzor va kivi dalalari, shunigdek, konferensiya va har xil ilmiy yig‘ilishlar o‘tkazish va ishlab chiqarish maydonchalarini barpo etish nazarda tutilgan. Bundan tashqari loyihada asab tizimini tinchlantirish uchun foydali lavanda dalalari, ko‘chatxona va issiqxona (papaya, banan, guava), bolalar maydonchasi, salomalik kafesi, kutubxona hamda hamkorlikda va o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi, vrach maslahatxonasi va fitobar tashkil etish rejalashtirilgan.

Loyiha bajarishdan quyidagi natijalar olinishi kutilmoqda. Aholi salomatligini tiklashga ixtissoslashgan ekologik bog‘ tashkil etiladi va dorivor o‘simliklar yetishtirilib, qayta ishlashga yo‘naltiriladi. Inson organizmi uchun mutlaqo zararsiz tabiiy dori vositalar ishlab chiqarilib, farmasevtika sanoatimiz tabiiy xom ashyo bilan ta'minlanadi. Ekologik toza import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan 14 xil mahsulot olinadi hamda 8ta yangi ish o‘rini yaratiladi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishga Bo‘lim tomonidan memorandum imzolangan Farg‘ona viloyati “Mehrigiyo” xususiy korxonasi mutaxassislari jalb qilinadi. Navoiy shahar hokimi o‘z navbatida, loyihani dolzarbligini ta'kidlab, yer ajratish masalasida ko‘maklashishini aytib o‘tdi.

Quvonarlisi shundaki, o‘nta dolzarb loyihadan yana ikkitasini FA Navoiy bo‘limi doktoranturasini tamomlab, hozirgi payt NDKTUda o‘z faoliyatini davom ettirayotgan o‘qituvchilar, ya'ni ishlatilgan suvlarni tozalab qayta ishlatishga imkon yaratuvchi samarador koagulyantlarni olish loyihasi bilan Navruz Xurramov hamda sement ishlab chiqarishda tabiiy gazni sarflanishini kamaytiradigan mineralizator bilan portlandsement klinkerini olish loyihasi bilan Zarif Tursunovlar taqdim etdilar. Shuningdek, ekspertlarda boshqa ishtirokchilarning “Elektron LED-doska”, “Faol fuqaro” dasturi, “Navoiy viloyati cho‘l zonasi va Navoiy shahar maydonlarining tuproq tarkibidagi namni saqlash usullarini ishlab chiqish” kabi loyihalari katta qiziqish o‘yg‘otdi.

Tadbir so‘ngida loyihalar taqdimotchilari sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!