MUNIS loyihasi ekspertlari Navoiyda
16 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayevning taklifiga binoan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Jahon bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizasiya qilish (MUNIS)” loyihasini amalga oshirish guruhining xalqaro ekspertlari seminar-trening o‘tkazish maqsadida Navoiy shahriga tashrif buyurishdilar.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining axborot-resurs markazida mehmonlarni taklif etgan tashkilot ilmiy xodimlari, universitet va Navoiy davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari hamda viloyatdagi qator sanoat va xususiy korxonalar mutaxassislariga ekspertlar loyiha doirasida Ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish dasturi (RCP) va Ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalariga biznes-investisiya (BIRD) dasturlari to‘g‘risida tag‘dimot o‘tkazdilar.
Xalqaro ekspertlar – intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha Yekaterina Runova va ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish bo‘yicha Abilay Aximbekov, shuningdek MUNIS loyihasi dastur koordinatori Akbarjon Maxmudjonov va guruh rahbari Aleksandr Tsoy Jahon banki har bir RCP loyihasi uchun 150 ming AQSh dollarigacha, BIRD uchun 600 ming dollargacha mablag‘ ajratishi mumkinligini tushuntirdilar. Mehmonlarning aytishicha, bunday loyihalar O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilmoqda. Ularning farqi shundaki, ularni amalga oshirish uchun talabnoma O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi shart bo‘lgan jismoniy shaxs nomidan beriladi. Ilmiy-tadqiqot yoki oliy ta’lim muassasasi intellektual mulk patentlaridan foydalanish huquqini o‘tkazish orqali ishtirok etishlari mumkin. Muhim jihat shundaki, loyihalarni ishga tushirish uchun qo‘shma moliyalashtiruvchi tashkilot talab qilinadi, misol uchun - ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladigan sanoat korxonasi. RCP uchun qo‘shma moliyalashtirish miqdori grant miqdorining 15, BIRD uchun esa 25 foizini tashkil qiladi. Barcha loyihalar tasdiqlashdan oldin bosqichma-bosqich rasmiy, texnik va tijorat ekspertizasidan o‘tadi.
Ushbu yondashuv olimlarga ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, sanoat korxonalariga – yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalariga esa lisenziya shartnomasini imzolash orqali mahsulot sotishdan daromad olish imkonini beradi. Loyihaning Jahon banki tomonidan loyiha ma’qullangandan so‘ng barcha ishtirokchilar yangi yuridik shaxsni tashkil etishlari va hamta’sischilar bo‘lishlari yoki mavjud korxona ta’sischilariga qo‘shilishlari mumkin. Bularning barchasi, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradi.
Uchrashuv davomida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy xodmilari RCP dasturida ishtirok etish uchun sakkizta, BIRD uchun to‘qqizta talabnoma topshirishni rejalashtirayotganlarini ma'lum qildilar. Loyihalardan biri lazer yoyi suyultirib qoplash (naplavka)sidan foydalanish asosida tog‘-kon mashinalari va uskunalari detallarining ta’mirlash va yemirilishga chidamliligini oshirish bo‘yicha ishlab chiqarish sexini tashkil etishni nazarda tutadi. Bu yerda ushbu texnologiyani ishlab chiqqan va tegishli uskunalarni ishlab chiqaradigan Rossiyalik “Lazer texnika va texnologiyalari” Vyatka mashinasozlik korxonasi MChJ va “IRS LaserTech” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda. Navoiylik “Gidro Stanko Servis” MChJ qo‘shma moliyalashtiruvchi tashkilot sifatida qatnashishga tayyor. Ta’kidlash joizki, hamkorlik istiqbollarini tomonlar ertasi kuni onlayn uchrashuvda muhokama qildilar.
Bundan tashqari, Navoiy bo‘limi olimlari “Naslchilik usullari va zotlarni mahalliylashtirish texnologiyasi asosida yuqori go‘sht mahsuldorligiga ega chorvachilik kompleksini yaratish”, “Yupqa keramik materiallari va boshqa sanoat tarmoqlari uchun Zarafshon vohasidagi konlardan boyitilgan kaolin mahsulotini ishlab chiqarishini tashkil etish”, “Navoiy viloyati konlaridan bentonit gil xom ashyosini qayta ishlashning samarali texnologiyasini joriy etish” kabi va boshqa loyihalar bilan qatnashish uchun tayyorlashni rejalashtirmoqdalar.
Bundan tashqari, seminarda sanoat korxonalari mutaxassislari har oyda bir marta Navoiydagi OTMlar o‘qituvchilari va Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tadqiqotchilari ishtirokida “davra suhbatlari” o‘tkazishni taklif qildilar, bunda Navoiy bo‘oimi koordinator sifatida faoliyat olib boradi. Ushbu yig‘ilishlarda korxonalar o‘zlarining muammoli masalalarini ilmiy yondashuv bilan hal qilishni taklif qiladilar. Amaliy tadqiqotlar shunday shakllanadi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ko‘pincha ular patentlash va ilmiy tadqiqotlar natijalarini himoya qilish bilan bog‘liq edi.
Fevzi ISTABLAYEV,
FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.