ISTIQBOLLI XAMKORLIKNING YANGI IMKONIYATLARI


Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi bilan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida xamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandumni imzolanishi regionning iqtisodiy rivojlanishga va ekologik masalalariga oid loyihalarni amaliyotga joriy etishda har ikkala tomon uchun manfaatli bo‘lgan imkoniyatlarni yaratadi.

Mazkur hujjat tomonlarning ilmiy va texnik imkoniyatlarini o‘zaro birlashtirib regionning ekologik tizimini yaxshilashga, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga, samarali va sermahsul madaniy yaylovlarni, pavlovniy, xandon pista va yong‘oq plantasiyalarini yaratishga yo‘naltirilgan fundamental, amaliy va innovasion loyihalarni hamda yaratilgan dorivor o‘simliklar klasterlarida yaylov o‘simliklari, butalar va daraxtsimon o‘simliklarni xudud sharoitlariga moslashtirish, innovasion texnologiyalarni o‘rmonchilik va qishloq xo‘jaligiga joriy etish orqali o‘simliklarni mamlakatimizdagi dasht va qurg‘oqchil regionlari sharoitlariga moslashtirishning optimal yo‘llarini aniqlashga oid ilmiy tadqiqot ishlarini birgalikda amalga oshirish masalalarini hal qilishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 2 mart kuni Navoiy viloyatiga qilgan safarlarida Nurota rayonidagi 10 ming gektar lalmi yerda pista yetishtirishga mo‘ljallangan intensiv plantasiyalar yaratish to‘g‘risidagi loyiha bilan tanishgach, qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuvning yo‘qligi sababli ko‘pchilik madaniy o‘simliklardan yuqori hosil olinmayotganligi va, bundan buyon ilm-fan yutuqlarini shu sohaga joriy etishga e'tibor qaratilib, dexqonlar bu jarayonning barcha bosqichlarida – urug‘ni ekishdan tortib, toki hosil yig‘ib olinguniga qadar olimlar bilan birgalikda ishlashlari kerakligini ta'kidlab, “... hosil qanchalik ko‘p bo‘lsa va eksportga yo‘naltirilsa, dehqon shunchalik boy bo‘ladi. Bizning asosiy maqsadimiz aynan mana shundadir”, - deb ushbu masalaga alohida urg‘u berganlar. Mazkur xamkorlik memorandumi Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni bajarishga qaratilgan.

Bu sohada FA Navoiy bo‘limi olimlari ma'lum darajada dala sinovlarida o‘z samaradorligini isbotlagan ilg‘or tajribaga va innovasion g‘oya va ishlanmalariga egalar. Masalan, Bo‘lim o‘zining O‘XITI bilan xamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirgan yangi loyihalarini amalga oshirishda, zarur bo‘lsa, o‘ta yengil aviasiya – Ko‘ptarmoqli aviasiya-ishlab chiqarish korxonasi MChJ «Agro Parvoz» motodel'taplanlarini, Nurota tumanidagi «Umirbek» ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaligining maxsus texnikalarini hamda Bo‘lim bilan o‘zaro xamkorlik memorandumlari mavjud bo‘lgan boshqa bir qator tashkilot va muassasalarning imkoniyatlarini ham jalb qilish imkoniyatiga ega. Ayrim loyihalarni Navoiy bo‘limining “Qizilqum ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasi” DUK bazasida amalga oshirish mumkin bo‘lib, bunda Navoiy viloyati xokimiyatining ko‘magi zarur bo‘ladi. Bundan tashqari, barcha boshqa sohalardagi kabi, bu sohada xam O‘zbekiston industriyasining yetakchisi – Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham ma'lum darajada yordam berishi mumkin.

Ushbu xamkorlik memorandumining birinchi bosqichida yaylov va dorivor o‘simliklar urug‘chiligi bazasini yaratish loyihasini joriy etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda Bo‘lim olimlari tomonidan patentlangan usulda urug‘larga ishlov berilishi rejalashtirilgan. Bu usulning mohiyati - urug‘larni yuqori gigroskopik xususiyatga ega bo‘lgan bentonit gilining kukuni bilan qobiqlanishida bo‘lib, bunday kapsulada urug‘lar unib chiqishi uchun zarur bo‘lgan namlik saqlanadi. Chunki bentonit – o‘simlik urug‘i o‘sishi uchun zarur bo‘lgan mikroelementlarga tabiatan boy gil bo‘libgina qolmay, gidrogel' – sun'iy polimer moddaga nisbatan ancha arzon vositadir.

Bundan tashqari, FA Navoiy bo‘limi olimlari va “Elektrokimyozavod” AJ QK mutaxassislari xamkorligida yaratilgan yangi preparatlar bilan o‘simliklarni bargidan oziqlantirishda bentonit gili suspenziyasidan foydalanish ham o‘simliklarning o‘sish jarayonini sezilarli darajada jadallashtirishi aniqlangan. Mazkur, o‘simliklarni o‘g‘itlar bilan bargidan oziqlantirishda bentonit gili suspenziyasidan foydalanish usuli mamlakatimizning bir nechta xududlaridagi paxta dalalarida tajriba sinovlaridan o‘tkazilib samarali natijalarga erishilganligi tufayli, loyiha doirasida ushbu innovasion usuldan ham keng foydalanilishi rejalashtirilgan.

Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi bilan O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti xamkorlikda amalga oshiradigan loyihalar mamlakatimizning cho‘l-dasht zonalari ekologiyasini asrash, tabiiy yaylovlar holatini yaxshilash hamda saksovul kabi cho‘l o‘simliklarining o‘sish xududlarini kengaytirish orqali tuproq erroziyasining oldini olish va chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan.

Jaxongir GULYAMOV,

FA Navoiy bo‘limi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!