Istiqbolda – konsalting markazi va tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi


    Xitoyga amalga oshirilgan xizmat safarining so‘nggi kuni, 10-iyulda Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev boshchiligidagi Fanlar akademiyasi olimlari delegatsiyasi Pekindagi Xitoy geologiya fanlari akademiyasining Geomexanika institutiga tashrif buyurdi. Navoiy bolimi ushbu ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan 2024-yildan buyon ikki tomonlama memorandum asosida faol hamkorlik qilib kelmoqda.

     Samarali kechgan muzokaralar chog‘ida tomonlar Ilmiy-tadqiqot va geologiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston–Xitoy xalqaro konsalting markazini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar. Taklif etilayotgan ushbu markaz ilm-fan va real biznes sektori o‘rtasida samarali bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanishi ko‘zda tutilgan. Ikki mamlakat tadqiqot institutlarining mustahkam bazasiga tayangan holda, markaz mutaxassislari konlarning xomashyo salohiyatini baholaydi, geologiya, tog‘-kon sanoati va boshqa yo‘nalishlarda tayyor investitsiya loyihalarini ishlab chiqadi.

    Uchrashuv ishtirokchilari Geologik tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro jamg‘arma tuzish g‘oyasini ham muhokama qildilar. Har bir tomon o‘zining batafsil takliflarini tayyorlashi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashabbusning asosiy hamkorlaridan biri sifatida o‘zbek delegatsiyasini taklif qilgan “Hunan Chenxi Jintuo Mining Co., Ltd” kompaniyasi ishtirok etishi rejalashtirilgan. O‘z navbatida, Navoiy bo‘limi va Geomexanika instituti o‘z ilmiy salohiyatini birlashtiradi hamda zarurat tug‘ilganda hamkorlikka boshqa sohaviy institutlarni ham jalb qiladi. Uchrashuv yakunida tomonlar uch tomonlama “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

   Rasmiy qismdan so‘ng delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida geomexanika yo‘nalishi asoschisi, taniqli xitoylik geolog Li Siguanning memorial muzeyiga tashrif buyurdi. Mehmonlar noyob minerallar kolleksiyasi, Xitoyda topilgan ilk uran rudasi namunalari, paleontologik topilmalar, shuningdek, seysmograflar hamda yer qobig‘idagi kuchlanishlarni o‘lchaydigan yuqori aniqlikdagi uskunalar bilan tanishdilar. 

    Ushbu tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi xodimlarining Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari muvaffaqiyatli yakunlandi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!