Ishlab chiqarish muammolari - bu ilm-fan muammolaridir!
2020 yil 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov raisligida Fan va texnologiyalar bo‘yicha Respublika kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Boshqalar qatorida kun tartibida yirik korxona va tashkilotlarning ilmiy-texnik muammolarini hal qilishga qaratilgan tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish masalasi muhokama qilindi. Ularning ro‘yxati tegishli bayon bilan tasdiqlangan.
Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy o‘quv yurtlarini jalb qilish zarur bo‘lgan ba'zi muammolar Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi xodimlarini qiziqtirdi. Bo‘limning bir qator olimlari xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboev boshchiligida 2020 yil 25-26 sentyabr kunlari Toshkent viloyatining ayrim korxonalariga o‘z takliflari bilan tashrif buyurishdi. Yo‘nalishdagi birinchi nuqta “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati edi. Korxona ma'muriyati muammoli masalalar sifatida importni qisqartirish va mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun flotasiya jarayoni uchun yangi kompozision kimyoviy reagentlarni olish texnologiyasini ishlab chiqish zarurligini ta'kidladi. Bo‘lim olimlari OKMK vakillari bilan suhbatda muammoni hal qilishning muqobil usulini taklif qilishdi. U ma'naviy eskirgan uskunani - flotasiya mashinasini yuqori samarali yuvuvchi pulsasion kolonnaga almashtirishdan iborat bo‘lib, unda qum va loy fraksiyalarini ajratish ko‘piklantiruvchi vositadan foydalanmasdan amalga oshiriladi. Shunday qilib, mahalliy ko‘pik reagentini rivojlantirish masalasi yo‘qoladi. Muzokaralar ishtirokchilari avval tajriba zavodi yaratish variantini batafsil ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, Olmaliq KMK tarkibida volfram angidrid miqdori 1,5 foizgacha bo‘lgan uyumlaridan volframni ajratib olishning tejamkor texnologiyasini ishlab chiqishga qaratilgan izlanishlar va ishlanmalarga qiziqish bildirdi. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasida mavjud bo‘lgan ma'lumotlardan foydalanish mumkinligi aytib o‘tildi. Bu yerda, o‘tgan asrning 70-80-yillarida, 2-sonli Gidrometallurgiya zavodi laboratoriyasida “Muruntov” koni rudasidan volframni tegishli ravishda ajratib olish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan bo‘lib, tadqiqotni amalga oshiruvchi uskunalar yaratilgan edi. Keyinchalik, turli xil ob'ektiv va sub'ektiv sabablarga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi ishlar to‘xtatildi. Muzokara ishtirokchilari NKMK mutaxassislarini jalb qilgan holda ushbu texnologiya qayta tiklanishi kerakligini ta'kidladilar.
Shu bilan birga, Navoiy bo‘limi guruhi «Ammofos Maxam» AJga tashrif buyurdi, uning rahbariyati kompaniya omborlarida 70 million tonnadan ortiq fosfogipsning to‘planib qolganidan xavotirda.
Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi olimlari ushbu muammoning yechimini fosfogipsni gips bog‘lovchi sifatida qayta ishlab, so‘ngra undan namlikka chidamli qurilish materiali - gipsosement-pussolan bog‘lovchini ishlab chiqarishda ko‘rayaptilar. Ular jamiyatga kuniga 600-900 tonna quvvatga ega ushbu material ishlab chiqarish liniyasini yaratish loyihasini taqdim etdilar. Shunisi e'tiborga loyiqki, tarkibiy qism sifatida 18 million tonnadan ziyod to‘plangan “Angren IES” AJning kulini ishlatish mumkin. Bu bir vaqtning o‘zida ikki turdagi yirik tonnali chiqindilarni sanoat muommasiga kiritish imkonini beradi.
So‘nggi muzokaralarda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi vakillari ham ishtirok etishdi. Tomonlar ushbu masalani batafsilroq o‘rganib chiqishga qaror qilishdi.
Fevzi ISTABLAEV
FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.