INTELLEKUTAL YOSHLAR ASRI


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda. Jumladan, 2023 yilning 25 may kuni FA U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida “XXI asr – intellektual yoshlar asri” mavzusidagi Respublika ilmiy va ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Shuningdek, anjuman doirasida “Yilning eng faol yosh olimasi” tanlovining yakuniy natijalari e'lon qilindi.

Ikkala tadbirda ham FA Navoiy bo‘limi yosh olimlari, doktorant va stajyor-tadqiqotchilari faol qatnashdi. Ularning ishlanmalari va ilmiy-tadqiqot natijalari tashkilotchilar tomonidan e'tirof etildi. Jumladan, Bo‘limning katta ilmiy xodimi, Yosh olimlar kengashi raisi, texnika fanlari falsafa doktori (PhD) Lola Saidova “Yilning eng faol yosh olimasi” tanlovining hakamlar xay'ati tomonidan Gran-pri sohibasi deb tan olinib, diplom, ramziy haykalcha va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi.

Lola Saidova 04.00.10 – “Geotexnologiya (ochiq, yer osti va qurilish)” ixtisosligi bo‘yicha FA Navoiy bo‘limi doktoranturasida uch yil ilmiy tadqiqotlar olib borib, 2021 yilda “Chuqur kar'yerlarni yanada rivojlantirishda kon massani tashishning maqbul texnologik sxemasini ishlab chiqish” mavzusida texnika fanlari falsafa doktori (PhD) dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shu yilning o‘zida Lola Bo‘limning “Noruda va texnogen foydali qazilma” tarkibiy bo‘limga ishga qabul qilinib, bugungi kunda katta ilmiy xodim lavozimida ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda.

Shu bilan birga, Yosh olimlar kengashi raisi sifatida Bo‘limning doktorant va stajyor-tadqiqotchilari bilan ishlab, o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashib kelmoqda. Bundan tashqari, L.Saidova Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti “Konchilik” fakul'teti “Konchilik ishi” kafedrasida o‘rindoshlik asosida dotsent lavozimida bakalavr va magistratura yo‘nalishidagi talabalarga dars berib kelmoqda. Oxirgi 3 yil davomida Gran-pri sohibasi tomonidan 2ta monografiya va ilmiy jurnallarda 9ta ilmiy maqolalar, shulardan 7ta ilmiy maqola Scopus ma'lumotlar bazasiga kirgan nufuzli xorijiy va xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan.

Anjuman doirasida yana bir quvonchli voqea sodir bo‘ldi. Navoiy bo‘limining tayanch doktoranti Nigora Nasirova “Mis kuporosi sexi oqova suvlaridan og‘ir rangli metallarni ajratish” mavzusidagi maqolasi bilan ishtirok etib, “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasi bo‘yicha III darajali diplom bilan taqdirlandi.

Nigora 04.00.14 – “Foydali kazilmalarni boyitish” ixtisosligi bo‘yicha Bo‘limning doktoranturasida ta'lim olib texnologik eritmalarni zararli qo‘shimchalardan tozalashning optimal texnologiyasini tadqiq qilish bo‘yicha ilmiy-tadiqotlarini olib bormoqda. Tadqiqotning maqsadi - texnologik eritmalarni texnologik jarayonlarda foydali komponentlarni keng ko‘lamda ajratishga xalaqit berayotgan zararli qo‘shimchalardan tozalashning eng maqbul texnologiyasini tadqiq qilish hamda yo‘ldosh kimyoviy elementlar hisobiga ko‘p sonli qimmatbaxo komponentlarni qo‘shimcha kompleks ajratib olish.

Shuni ta'qidlash joizki, O‘zbekistonda gender tenglik talablariga rioya qilgan holda yoshlarga ilm bilan shug‘ullanishga keng imkoniyatlar yaratilgan. Yuqorida aytib o‘tilgan tadbirlar shuning yaqqol isboti.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!