Innovatsiyalar – taraqqiyot tayanchi
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkazilgan an'anaviy “InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘z nihoyasiga yetdi. Haftalik doirasida Xalqaro innovatsiyalar yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ham o‘z ishlanmalari bilan ishtirok etdi.
Jumladan, Bo‘lim olimlari va doktorantlari Vaush konining noma'dan foydali qazilmalari namunalarini namoyish etdilar. Bular qurilish ehtiyojlari uchun boyitilgan kvars qumi, dala sharoiti sinovlarida qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larini, birinchi navbatda paxta chigiti va bug‘doy donlarini qobiqlab ekishda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan bentonit gillari hamda dolomitdir. Oxirgi foydali qazilmadan Bo‘lim tomonidan yaratilgan innovatsion usul bilan o‘tga chidamli mahsulot ishlab chiqarishda ishlatiladigan magnezit olingan.
Ko‘rgazmada, shuningdek, asosiy komponenti magnezit bo‘lgan magnezial o‘tga chidamli g‘isht namunalari ham namoyish etildi. Toshqazgan koni grafitidan esa “Toshqazgan koni ma'danidan elektrotexnika, metallurgiya va kimyo sanoatida foydalanishga yaroqli bo‘lgan grafit boyitmasini olish texnologiyasini yaratish” loyihasi doirasida periklazuglerodlik o‘tga chidamli g‘ishtlar namunalari ham tayyorlandi.
Shuni ta'kidlash joizki, ishlanmalarning ikkalasi ham 2020 yil 12 apreldagi PQ-4805-sonli O‘zbekiston Respublikasi Prezident qarori bilan tasdiqlangan “Kimyo va biologiya yo‘nalishlaridagi ilmiy tashkilotlarning istiqbolli ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirishni tashkil etish dasturi”ga kiritilgan. G‘ishtlar “Bekobod-Ogneupor”MChJ QKda tayyorlandi. Ko‘rgazmadan so‘ng ular issiqlikga qarshiligini Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan va O‘zbekiston FA “Fizika-Quyosh” IIChBga tegishli bo‘lgan Katta quyosh pechida sinash uchun yuborildi. Ma'lumot uchun shuni aytish kerakki, dunyoda shunga o‘xshash yana bir pech' faqat Fransiyada mavjud.
Bundan tashqari, yarmarka ishtirokchilariga Toshqazgan koni grafitidan boyitilgan uglerod xom ashyo sifatida ishlatilgan va qo‘lbola usulda tayyorlangan qalam va payvandlash uchun elektrodlar namunalari namoyish etildi.
Xaftalik yakuni bilan Navoiy bo‘limi ishlanmalariga qiziqish bildirgan beshta maxalliy ITI va OO‘Yulari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar tuzildi.
Bo‘lim ko‘rgazma o‘tkazishda faol ishtiroki uchun tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.