Innovatsiyalar haftaligi
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasida “Innoweek.uz-2023” Innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘tkazilmoqda. Navoiy viloyatida ham “Kreativ ta'lim va innovatsiyalar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostida “Innoweek.uz-2023” Hududiy innovatsion g‘oyalar haftaligiga 17 oktyabrda start berildi. Birinchi kuni “Yoshlar kuni” etib belgilangan bo‘lib, Navoiy shahrida bir qator tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Yoshlar markazi binosida yoshlarning innovatsion loyihalar va mahsulotlari ko‘rgazmasida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi doktorantlari, Navoiy viloyati oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda turli markazlar tinglovchilari o‘z ishlanmalari bilan qatnashdilar.
Bo‘lim doktorantlarining ishlanmalari ko‘rgazma eksponatlari bilan tanishgan mutaxassislarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Jumladan, Dadaxon Jo‘rayev “Bitter separatori mashinasida chigitli chiqindilardan ozuqa olish texnologiyasini takomillashtirish va samaradorligini oshirish”, Zarifaxon Babayeva “Noan'anaviy dukkakli ekinlarni yetishtirish agrotexnikasini ishlab chiqish”, Sobitjon Adilov “Cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklaridan yuqori hosil olish agrotadbirlarini takomillashtirish (Nurota tog‘ oldi adir sharoitida)”, Mirjalol Tuxtamishevlar “Qizilqum yaylovlarida qorako‘l qo‘ylarining genofondini saqlash hamda rangli qorako‘lchilikni rivojlantirish” loyihalari bilan qatnashdilar va tadbir tashqilotchilarining tashakkurnomalarini olishga sazovor bo‘ldilar.
Shuningdek, Bo‘limning birinchi bosqich tayanch doktoranti O‘ktam Umirov “Tabiiy mineral resurslar asosida oqova suvlarni tozalash uchun sorbentlar olish texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasi bilan Haftalik doirasida o‘tkazilgan “Kelajak innovatsion tadbirkorlari” startap loyihalar tanlovida qatnashib, g‘oliblar safidan joy oldi hamda sertifikat va esdalik sovg‘asi bilan tag‘dirlandi.
Ta'kidlash joizki, Hududiy innovatsion g‘oyalar haftaligi yana uch kun davom etadi. Jumladan, 18 oktyabr “Startaplar kuni” Qiziltepa tumani Coworking markazida, 19 oktyabr “Ilm-fan va tijoratlashtirish kuni” Karmana tumani Navoiy innovatsiyalar institutida va 20 oktyabr “Kreativ ta'lim kuni” Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida o‘tkazilib, ularda ham bir qator ko‘rgazmalar, tanlovlar va uchrashuvlar o‘z o‘rnini olgan.
Bundan tashqari, “Innoweek.uz-2023” Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi Toshkentda bo‘lib o‘tmoqda. Unda FA Navoiy bo‘limi “Geologiya, qazib olish, qimmatbaho, rangli metallarni va uranni qayta ishlash bo‘limi” mudiri Sherzod Sharipov “Sanoat ishlab chiqarish korxonalari uchun keng qo‘llaniladigan (mikrokal'sit) maydalangan marmar kukunini ishlab chiqish” loyihasi bilan qatnashmoqda.
Fevzi ISTABLAYEV,
FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.