Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga yangicha yondashuv


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan qishloq xo‘jaligida bentonit qo‘llaniladigan suv tejamkor ikkita innovatsion texnologiya ishlab chiqilgan bo‘lib, bular qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini bentonit gili kukuni bilan qobiqlab ekish hamda o‘simliklarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish usullaridir. Mazkur ishlanmalar dala sinovlarida oz samaradorligini korsatdi. Shuni inobatga olgan holda, Navoiy bolimi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga yangicha yondashmoqda.Bentonitning sorbsion xossalari, ya'ni namlikni oziga singdirish va ushlab turish qobiliyati uruglarning stresssiz unib chiqishini va ularning barqaror osishini ta'minlaydi, osimliklarning suvga bolgan ehtiyojini qoplaydi. Ushbu ishlanmalarni otgan yillarda qollash ortacha 15 foizgacha qoshimcha paxta hosilini olish imkonini berdi. Ushbu innovatsion uslublar bug‘doyning “Durdona” navida sinalganda gektaridan 31,6 foizgacha qo‘shimcha hosil olishga erishildi. Bundan tashqari 2022 yilda Navoiy bo‘limi memorandum imzolagan Nurota tumani “Umrbek” fermer xo‘jaligining 10 gektar sug‘orilmaydigan lalmi yerlarida Bo‘limning suv tejamkor innovatsion texnologiyalarini joriy etgan holda har bir gektardan 6,8 o‘rniga 16 sentner bug‘doy hosili yig‘ib olindi, ya'ni hosildorlik deyarli 2,5 baravarga oshdi.

Ekinlarning yuqori hosildorligi olimlarga o‘z ishlanmalarining samaradorligiga ishonch bag‘ishladi va Bo‘lim tomonidan ishlab chiqilgan yuqorida qayd etilgan innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda sug‘orilmaydigan lalmi yerlarda bug‘doy yetishtirishni tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor guruh tuzish to’g’risidagi fikrga undadi. Bo‘limning ilmiy xodimlari tashabbuskor guruhga shaxsiy mablag‘lari bilan ulush asosida kirdilar. Kelajakda uning tarkibiga boshqa ilmiy-tadqiqot institutlarining olimlari ham qo‘shilishi mumkin. Tashabbuskor guruh a'zolari va Navoiy bo‘limi o‘rtasida kelishuv tuzildi, unga ko‘ra loyihaning moliyaviy xarajatlari tashabbuskor guruh a'zolari tomonidan qoplanadi, Navoiy bo‘limi esa bepul vaqtincha ishlatishga yer ajratib, texnologiya bilan ta'minlaydi. Tayyor mahsulotni sotishdan olingan foyda ishtirokchilarning ulushiga qarab taqsimlanadi. Shuningdek, mablag‘larning bir qismi Navoiy bo‘limida tuzilayotgan fondga ham o‘tkaziladi. Fan va amaliyotning yaqin integratsiyasi, shuningdek, tashabbuskor guruhning o‘zaro hamkorligi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi va shu bilan olimlarga qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi. Bu taklif qilingan yondashuvning o‘ziga xos xususiyatidir. Bundan tashqari, bu oziq – ovqat xavfsizligi masalasini hal qilishga hissa qo‘shishga, eng muhimi - taklif etilayotgan texnologiyalar va preparatlar o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga ta'sirini o‘rganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga imkon beradi.

Tashabbuskor guruh tomonidan Bo‘lim qoshida tashkil etilgan “Qizilqum” ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasiga Nurota tumanida ajratilgan 50 gektardan ziyod lalmi yerlarida bug‘doy ekish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Loyihani amalga oshirishga tegishli soha tayanch doktorantlari jalb qilinadi, ular uchun bu texnologiyani nazariy va amaliy jihatdan o‘rganish imkoniyatini yaratadi. Ta'kidlash joizki, bu yil Bo‘limda doktorantura uchun 06.01.08 - "O‘simlikshunoslik" mutaxassisligi ochildi. Bundan tashqari, Fanlar Akademiyasining boshqa ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy ishlanmalarini sinash uchun poligon ham bo‘ladi.

Xususan, yaqinda Navoiy bo‘limi Fanlar Akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti bilan Hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzoladi. Ushbu institut shartnoma asosida ITI olimlari tomonidan yaratilgan lalmi sharoitlarda o‘sishi mumkin bo‘lgan yumshoq bug‘doylarning yangi "E'zoz" va "Qayroqtosh" navlari urug‘larini yetkazib berdi. Shuningdek, Fanlar Akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti o‘z olimlari tomonidan ishlab chiqilgan AA-01 o‘simlik o‘sishi stimulyatorini sinov uchun yubordi. Ushbu preparatni ishlab chiquvchilarning fikriga ko‘ra, u stimulyatorlik va fungisid ta'sirining keng doirasiga ega. Xususan, u o‘simliklarning o‘sishiga yordamlashib, hosildorlikni oshiradi.

Shunday qilib, ekish uchun maydonni bir nechta uchastkalarga bo‘lish rejalashtirilgan. Ulardan ikkitasida Bo‘lim tomonidan ishlab chiqilgan suv tejamkor ikkita innovatsion texnologiyalar, ya'ni bo‘g‘doy urug‘larini bentonit gili kukuni bilan qobiqlab ekish hamda o‘simliklarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirish usullari qo‘llaniladi. Boshqa ikkita uchastkasida suspenziya bilan oziqlantirish jarayoni UNKIning AA-01 preparati bilan individual ravishda va bentonit qo‘shilishi bilan amalga oshiriladi. Beshinchi uchastka nazorat maydoni bo‘ladi. Yuqorida aytib o‘tilgan ITIlarining ilmiy xodimlari bug‘doyni ekish, unga suspenziya bilan ishlov berish va boshqa zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda shaxsan ishtirok etadilar. Ilmiy kuzatuvlar uchun muntazam ravishda navbatchilikni tashkil etish va qulaylik uchun vagonchikda barcha sharoitlarni tashkil etish, ya'ni dala shiyponini jihozlash rejalashtirilgan.

Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, kelajakda birgalikda no‘xat, soya va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini ham ekish mumkin bo’ladi. Bu kelgusi yillarda tashabbuskor guruhga mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklida yoki xorijiy investisiyalarni jalb qilgan holda qo‘shma korxona shaklida ishlarni tashkil etish imkonini beradi. Ehtimol, o‘simliklarni seleksiya qilish va ularni lalmi cho‘l sharoitida o‘sishga moslashtirish markazi yaratiladi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!