Ilm- fanning ta'lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuvi kun tartibida


2020 yilning 3-4 mart kunlari Navoiy shahrida Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi qoshidagi Idoralararo ilmiy-texnik kengashining yettinchi Kengaytirilgan ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston FA 15ta ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarining 50 yaqin yetakchi olimlari va mustaqil izlanuvchilari, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi, “Navoiyazot” va “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari va mutaxassilari hamda manfaatdor davlat muassasalari va xususiy korxonalar vakillari ishtirok etishdi.

 

Tadbirning birinchi kunida respublikamizning jadal rivojlanib borayotgani ta'kidlandi. Belgilangan rejalar sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi jarayonining samaradorligini oshirish ustida ishlanishi zarur, buning uchun olimlarning ishlab chiqaruvchilar bilan yaqindan hamkorlik qilishlari muhim ahamiyatga ega. Mintaqaning yirik sanoat korxonalari texnologiyalarni takomillashtirish, innovasiyalarni joriy etishga qaratilgan tadqiqotlarga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirishdi.

Xususan, NKMK Bosh direktori Q.Sanaqulov kombinatning 2026 yilgacha bo‘lgan innovasion rivojlanish dasturi ishlab chiqilganligini va 2020 yil dasturiga 11 ta yo‘nalish bo‘yicha 65 ta loyiha kiritilganligini ma'lum qildi. Ushbu dasturning samarali amalga oshirilishida mamlakatimiz olimlari, ilmiy xodimlari ishtirok etishlari hamda mavjud salohiyat va tajribalarni birlashtirilishi lozimligini alohida ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, "Navoiyazot" AJ vakillari olimlar ko‘magi lozim bo‘lgan 13 muammodan iborat ro‘yxatdagi dolzarb masalalar bilan anjuman ishtirokchilarni tanishtirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlar olimlari o‘zlarining ilmiy ishlanmalari taqdimotini namoyish etishdi. Misol uchun, ishtirokchilarda metall va boshqa materiallarning korroziyaga chidamliligini 5 martagacha oshirish imkonini beruvchi bo‘yoq va laklar polimerizasiyasining innovasion texnologiyasi katta qiziqish uyg‘otdi, shuningdek, o‘simliklar uchun namlikni saqlashga tavsiya etilgan gidrogelni kar'er yo‘llarida changni bostirish uchun tajriba sifatida foydalanish ham tavsiya etildi.

Yig‘ilishning ikkinchi kuni ishtirokchilar Navoiy davlat konchilik instituti texnoparkiga ekskursiyaga borishdi. Ushbu texnopark zamonaviy asbob-uskunalar va qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lib, ularning ba'zilari O‘zbekistonda yagona nusxada bo‘lgani modellari bilan ajralib turadi.

Bundan tashqari, FA Navoiy bo‘limning 2019 yilda bajargan ishlari to‘g‘risida ma'lumotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi va ishlarga ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi. Shuningdek, olimlar tomonidan bo‘lim raisi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori A.Mirzaevning “Qizilqum paleogen davri cho‘kindi formasiyalarining litologiyasi, paleogeografiyasi va foydali qazilmalari” nomli monografiyasi muxokama qilinib, chop etishga tavsiya etildi.

Yig‘ilish yakunida olimlar va korxonalar mutaxassislari ishlab chiqarishdagi mavjud muammolarni ilmiy asosda yechishga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni xo‘jalik shartnomasi tuzish orqali bajarish istiqbollari to‘g‘risida fikr almashishdilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!