Ilm-fan va innovatsiyalar


Otgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari o‘z ishlanmalari bilan faol ishtirok etgan ikkita yirik tadbir bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, 17-21 oktyabr kunlari Toshkentda “Barqaror rivojlanish uchun yashil innovatsiyalar” shiori ostida “InnoWeek-2022” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tdi. Haftalig doirasida 30dan ortiq tadbirlar, ya'ni forumlar, ko‘rgazmalar, o‘quv seminarlari tashkil etildi. Ularda 50dan ortiq xorijiy davlatlardan va mahalliy ilmiy-innovatsion markazlar, investisiya fondlari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes-inkubatorlar vakillari, ekspertlar, olimlar qatnashdi.

Tadbirlar davomida Navoiy bo‘limi qator xorijiy kompaniyalar, xususan, Turkiyaning “MERT YAZILIM R&D”, Eronning “BIORUN”, Hindistonning Swiss NeWater kompaniyalari bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzoladi.

Jumladan, FA Navoiy bo‘limi raisning o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev Turkiyaning “MERT YAZILIM R&D” kompaniyasi vakili Chambali janoblari bilan muzokaralar o‘tkazdi va Navoiy bo‘limi faoliyati to‘g‘risida hamda Bo‘limning O‘zbekiston va xalqaro miqyosda tutgan o‘rni haqida ma'lumot berdi. Shu bilan birga u janob Chambaliga O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayoni endi boshlanayotganligini va Turkiya kompaniyasining FA Navoiy bo‘limi bilan bu boradagi hamkorligi kelajakda katta samara berishligini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, dastlab Navoiy viloyati va Navoiy shahri hokimligi faoliyatini hamda "Navoiyuran" DK energetika tizimini raqamlashtirish jarayonida faol ishtirok etishni taklif qildi. Bunga janob Chambali Turkiya kompaniyasi rahbariyati yaqin kunlarda Navoiy shahriga tashrif buyurishi va taklif etilgan korxona va tashkilotlarda o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazishini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Bo‘lim olimlari ishlanmalari asosida bir qator xususiy korxonalarda yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratishga qaratilgan 10ga yaqin shartnomlar tuzildi. Bu esa Bulim olimlarining hududning rivojlanishiga o‘z qissasini qo‘shishga imkon yaratadi.

Eslatib o‘tash joiz-ki, Innovatsion g‘oyalar haftaligiga joriy yilning avgust oyida Navoiy shahri Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan Hududiy innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasi yakunlariga binoan Navoiy bo‘limi yo‘llanma olgan edi.

Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida FA Navoiy bo‘limi “Eng faol ilmiy tadqiqot muassasasi” nominasisi bo‘yicha g‘olib deb tan olinib sertifikat va 32-dyumli LED-televizor bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, 20-21 oktyabr kunlari “Gidro Stanko Servis” MChJning pavil'onida Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda tog‘-kon metallurgiyasi, kimyo sanoati, energetika, qurilish materiallari va elektrotexnika sohasi korxona va tashkilotlari o‘z mahsulotlarini namoyish etdilar.

Jumladan, Navoiy bo‘limi tomonidan Vaush konining noma'dan foydali qazilmalari namunalari namoyish etildi. Bular qurilish ehtiyojlarini qondirish va shisha ishlab chiqarish uchun boyitilgan kvars qumi, dala sharoiti sinovlarida qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larini qobiqlab ekishda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan bentonit gillari hamda Bo‘lim olimlari tomonidan yaratilgan innovatsion usul bilan magnezit olinadigan dolomit, shuningdek, asosiy komponenti magnezit bo‘lgan magnezial o‘tga chidamli g‘isht namunalaridir.

Bundan tashqari Toshqazgan koni grafitidan tayyorlangan mahsulotlar, ya'ani periklazuglerodlik o‘tga chidamli g‘ishtlar hamda laboratoriya sharoitida tayyorlangan qalam va payvandlash uchun elektrodlar namunalari namoyish etildi.

Yarmarka yakunda Bo‘lim olimlari faol ishtiroki uchun Navoiy viloyati hokimi nomidan tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!