Ikki mamlakat olimlarining hamkorligi natija beradi


2024 yilning 2 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga Xitoy geologik fanlar akademiyasi Geomexanika instituti direktori Syuy Yun boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi. Samarali muzokaralar o‘tkazildi.

Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev mehmonlarga bo‘lim ilmiy xodimlari va doktorantlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari haqida ma'lumot berdi va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalariga ekskursiya tashkillashtirdi. O‘z navbatida, Syuy Yun o‘z instituti tomonidan chuqur va o‘ta chuqur shaxtalarda qazish ishlarini tashkil etishda tog‘ bosimini hisobga olib, qulashlar va boshqa baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida tadqiqotlar olib borilayotganini ta'kidladi. Ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan O‘zbekiston sharoitida ham qo‘llash mumkin bo‘lgan tavsiyalar tayyorlangan. Shuningdek, xitoylik mehmonlar yaqin orada Yer orbitasiga geologik suratga olish va ma'lumotlarni deshifrlashga ixtisoslashgan sun'iy yo‘ldosh uchirilishi haqida xabar berdilar. Bu suratlar orqali geologik, geomorfologik tuzilmalar, geodinamik holatlarni aniqlash, shuningdek, turli foydali qazilmalarning mavjudligini bashorat qilish va geologik xaritalar yaratish imkonini beradigan zamonaviy usuldir. Institut direktori ushbu yo‘nalishda hamkorlikni taklif qildi.

Jumladan, tomonlar Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni bog‘laydigan transport yo‘lini o‘tkazish yo‘nalishidagi geologik tuzilmalarni o‘rganish uchun xalqaro grantga ariza berishga kelishib oldilar. Ya'ni, tonellarni qurish va tog‘ rel'efini tekislash ishlarida tog‘ yonboshlari ochilib, ularni kompleks o‘rganish uchun qulay sharoit yaratiladi. Shunga ko‘ra, bu tadqiqotlar yo‘l-qurilish ishlarida foydali bo‘lishi mumkin.

Birinchi qadam sifatida tomonlar hamkorlik memorandumini imzoladilar, bu Janubiy-G‘arbiy Tyan'-Shan'ga geologik ekspedisiya tashkil etish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Xitoylik mehmonlarga bentonit, dolomit va kvars qumi kabi noma'dan foydali qazilmalar bir joyda joylashgan Vaush koniga ekskursiya tashkil etildi. Shu yerda ular bentonitni maydalash va uni burg‘ulash ishlarida qo‘llash uchun modifikasiya qilish zavodi faoliyati bilan tanishdilar.

Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!