Himoya onlari yaqin...
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limida bugun yetti yo‘nalish bo‘yicha uchta kursda o‘nta tayanch doktorant (PhD) va bitta doktorant (DSc) tahsil olmoqda. Ularning to‘rttasi dissertasiyalarini deyarli tayyorlagan va yaqinda har biri onlayn tarzda ilmiy-texnik seminar o‘tkazdi, u yerda o‘zining ilmiy izlanishlari, tajribalari va olingan natijalari haqida so‘zlab berdi.
Masalan, texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga da'vogar Ilxom Egamberdievning dissertasiya ishi kar'erlarda kon transport uskunalari ishonchliligini oshirish va texnik xizmat ko‘rsatishni resurstejamkor usullarini ishlab chiqishga qaratilgan.
Tayanch doktorant Jasur Beknazarov seminar ishtirokchilariga “O‘zgaruvchan parametrli va qayishqoq elementli tishli uzatmalar konstruksiyasini ishlab chiqish va hisablash usullari” mavzusida ma'ruza qildi. Uning hamkasbi Ahmad Jumaev esa yeyilishga bardoshli oq cho‘yanlarning hossalarini yaxshilash maqsadida ularning tarkibi va strukturasini optimallashtirish yo‘nalishida qilingan ishlari bilan tanishtirdi. Ijobiy natija bergan tajribalarni Ahmad "Navoiy mashinasozlik zavodi" ishlab chiqarish birlashmasida bevosita korxonaning yetakchi mutaxassislari rahbarligida o‘tkazdi. Foydali modelga ariza O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga taqdim etildi.
Tayanch doktorant Lola Saidova uch yildan buyon “Chuqur kar'erlarda kon massani tashishning oqilona texnologik sxemasini ishlab chiqish” mazusida ish olib borgan. O‘zbekistondagi karerlarning aksariyati chuqur konlar toifasiga kirishini hisobga olsak, ushbu mavzu juda dolzarbdir.
Seminarlar davomida doktorantlar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar va murabbiylardan kerakli tavsiyalar oldilar. To‘rttalasining ham oldida ma'suliyatli dissertasiya himoyasi turibdi. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limida doktoranturaning birinchi bitiruvchilari bo‘lish nasib qiladi.
Ularning o‘rnini esa yangi avlod doktorantlari egallamoqda. 2021 yil uchun Bo‘limga tayanch doktoranturaga uchta yo‘nalish bo‘yicha to‘rtta kvota ajratildi. 2020 yil 10-noyabrdan 12-noyabrgacha xolislik vs shaffoflikni ta‘minlash maqsadida yetakchi o‘qituvchilar va olimlar, shuningdek ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarining mutaxassislari tomonidan qabul qilingan chet tili va mutaxassisliklari bo‘yicha kirish imtihonlarida, o‘tgan yili Navoiy bo‘limida ochilgan Stajyor-tadqiqotchilari institutining dastlabki ikki bitiruvchisi ham o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi.
Tez orada tanlov natijalari e'lon qilinadi.
Fevzi ISTABLAEV,
FA Navoiy bo‘limi kotibi.