Hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi
2022 yilning 25-26 oktyabr kunlari Bolgariya Respublikasining “PAULOWNIA BG” MChJ bosh menejeri Djan Duralov, Qirg‘iziston Respublikasi “Kut Darak” MChJ direktori Arstanbek Tazabekov va menejeri Daniyar Mukanbetovlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga tashrif buyurishdi. Ular Nurota tumanining lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish loyihasini amalga oshirishda Bo‘limning xorijiy hamkorlaridir.
“Umrbek” fermer xo‘jaligiga qarashli bir gektar yer maydoniga 2022 yilning aprel oyida ming tup pavlovniya ko‘chati va tez o‘sadigan ushbu daraxtning ikki ming qalamchasi ekildi. Mazkur plantasiya Bo‘lim rahbariyati va olimlari, xususan, rais Abdurazak Mirzayev, rais o‘rinbosari Quvandiq Nurboyev va tarkibiy bo‘lim mudiri O‘ktam Hakimovlar hamrohligida mehmonlar tashrif buyurgan joylar ro‘yxatida birinchi bo‘ldi.
Mutaxassislarning fikricha, pilot loyiha barcha kutilganlarni oqladi. Bugungi kunda vegetativ mavsumini tugagan pavlovniyalarning o‘sishi o‘rtacha 3,5-4 metrni tashkil qiladi. Bu yerning tuprog‘i pavlovniyalarni yetishtirish uchun juda yaxshi ekanligini isbotlaydi.
Ertasi kuni hamkorlar Bo‘limning ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Xususan, Qorako‘l qo‘ylarining genomini o‘rganishga ixtisoslashgan gen diagnostikasi bo‘yicha universal biotexnologik laboratoriya bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar, ammo bir qator kelishilgan shartlarda uni pavlovniya genlarini o‘rganishga moslashtirib, bu tez o‘sadigan daraxtning navlari tozaligini aniqlash mumkin.
So‘ngra uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi, unda Bo‘lim olimlari xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Bular pavlovniya plantasiyalari maydonlarini yanada kengaytirish, kelgusi yilda yana bir guruh yosh mutaxassislarni Bolgariyaga stajirovka o‘tashga yuborishni hamda suvni tejovchi texnologiyalar asosida pavlovniya va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini, jumladan, bug‘doyni yetishtirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish nazarda tutadi.
Qayd etish joizki, Navoiy bo‘limi “PAULOWNIA BG” MChJ bilan muzokaralarni pandemiyadan avval boshlagan. Tarixiy vatani janubiy va janubi-sharqiy Osiyo bo‘lgan pavlovniya daraxtini Dj.Duralov o‘n yildan ortiq vaqtdan beri yetishtiradi. U o‘zining texnologiyasini ishlab chiqdi va daraxtni Bolgariya sharoitiga muvaffaqiyatli moslashtirdi, 2017 yilda esa Qirg‘iziston Respublikasi Issiqko‘l viloyatida "Kut Darak" MChJga o‘zining plantasiyasini tashkil etishda yordam berdi. Bu yerga 2019 yilning sentyabr oyi boshida Qirg‘izistonda ikki davlat Fanlar akademiyalari tomonidan tashkil etilgan Xalqaro ilmiy-amaliy seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari va yetakchi olimlaridan iborat delegasiya tashrif buyurgan edi. Shundan so‘ng Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev Nurota tumanida pavlovniya plantasiyasini yaratish g‘oyasini amalga oshirish taklifini bildirdi.
2022 yilning aprel oyida Bolgariyadan 2000 dona qalamcha va 1000 dona pavlovniya ko‘chatlari olib kelindi. Ular “PAULOWNIA BG” MChJ tomonidan transport xarajatlarini qoplangan holda bepul ajratilib yetkazib berildi. “Qut Darak” MChJ tomonidan esa Bo‘limga maxsus plyonka yuborildi. Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra Bo‘lim olimlari tomonidan plantasiya yeriga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etgan holda ushbu plyonka ostiga pavlovniya ko‘chatlari va qalamchalari ekildi.
Avgust oyida pavlovniya yetishtirish texnologiyasini o‘rganish maqsadida Navoiy viloyatining Nurota tumanidan uch nafar, Andijonlik bir nafar, jami to‘rt nafar yosh mutaxassis Bolgariyaga uchib ketdi. Viza olish, transport, turar joy va yashash xarajatlari, shuningdek, ularning tibbiy sug‘urtasi “Paulownia BG” MChJ bosh menejeri Dj.Duralov tomonidan qoplanilmoqda. Bugungi kunda ular zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalaridan foydalangan holda pavlovniya yetishtirish bo‘yicha bilim olib, ko‘nikmalarini egallamoqda. Ular O‘zbekistonda Nurota tumanidagi plantasiyalarda mutaxassis bo‘lib ishlashda davom etadi, uning maydoni o‘n barobarga kengaytirilishi rejalashtirilgan.
Fevzi ISTABLAYEV,
FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.