Hamkorlikni kengaytirish yo‘llari muhokama qilindi


   2025 yilning 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va Bolgariyalik hamkorlar o‘rtasida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi tomonlar o‘rtasidagi ilmiy-texnik va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat edi. Shuningdek, yig‘ilishga Navoiy bo‘limining Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan xalqaro hamkorlari ham taklif qilindi.

     Jumladan, muhokama qilingan masalalardan biri Navoiy viloyatida suvni tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda uzum plantasiyalarini tashkil etish va o‘zbek-bolgar brendi ostida vino ishlab chiqarish bo‘ldi. Bolgariya uzum navlarini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish, ushbu shirin mevani yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish va gibrid navlar yaratish – yaqin kelajakdagi ilmiy hamkorlik yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

      Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, o‘tgan yil yoz oylarida Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev Bolgar tomoni taklifiga binoan mazkur mamlakatning Veliko-Tirnovo viloyatidagi bir qator fermer xo‘jaliklari, korxona va kompaniyalarga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif davomida Navoiy bo‘limi ishlanmalari taqdim etildi va bolgariyalik hamkorlar tajribasi o‘rganildi.

       Shu kabi uchrashuvlardan birida Bolgariya Milliy vinochilik uyushmasi vakillari ham ishtirok etishdi. Ushbu uyushma 20 dan ortiq turdagi brend vinolarni ishlab chiqaradi. Ular o‘zbek hamkorlari bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirib, Navoiy shahrida o‘zbek-bolgar qo‘shma korxonasini tashkil etish imkoniyatini muhokama qilishni taklif qildi.

          Aynan shu uyushma o‘tkazilgan onlayn-anjuman tashabbuskori bo‘ldi. Muzokaralar davomida Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev ishtirokchilarga bo‘lim faoliyati haqida ma'lumot berib, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlanmalar haqida to‘xtaldi. Xususan, qishloq xo‘jalik ekinlarining urug‘larini bentonit gili kukuni bilan qobiqlash va o‘simliklarni bentonitli suspenziya bilan bargdan oziqlantirish kabi innovasion texnologiyalar ijobiy natijalar bergani va bu usullarni Bolgariya fermer xo‘jaliklarida joriy etishga moslashtirish mumkinligi qayd etildi.

         Navoiy bo‘limi Qayta tiklanuvchi energiya, energotejamkorlik va ekologiya tarkibiy bo‘limi mudiri O‘ktam Xakimov o‘z ma'ruzasida O‘zbekistonda uzumchilik va vinochilik VII asrdan rivojlana boshlaganini ta'kidladi. O‘rta asr sayyohlaridan biri Marko Polo Samarqand va Buxorodagi bog‘lar, uzumzorlar va mahalliy vino sifati haqida yozib qoldirgan. 1980-yillarda Markaziy Osiyo uzumzorlarining 58 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

       Bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda uzum va vino mahsulotlarining eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, MDH davlatlari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Masalan, 2015 yilda O‘zbekistonda 1 mln. 518,2 ming tonna uzum yetishtirilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 200 ming tonnaga oshgan. Bunday o‘sishga 2021 yil 28 iyulda qabul qilingan “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2023 yil 3 avgustda qabul qilingan “2023 — 2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari katta hissa qo‘shdi.

             Bundan tashqari, muzokara ishtirokchilari ta'kidlaganidek, Bolgariyada yilning faqat besh oyida iliq ob-havo kuzatiladi. O‘zbekistonda esa o‘rtacha 300 kun quyoshli bo‘ladi. Bu omil bolgar hamkorlarining o‘z uzum navlarini O‘zbekistonda yetishtirishga bo‘lgan qiziqishini asosli qiladi.

             O‘zbekistonda uzum to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste'mol qilish, mayiz va shinni ishlab chiqarish uchun foydalaniladi. Mamlakatda vino iste'moli nisbatan kam bo‘lgani sababli, vino materiallarining katta qismi eksport qilinadi. Shuningdek, bo‘lajak o‘zbek-bolgar mahsulotlari eksportga, jumladan, Xitoy bozoriga ham yo‘naltiriladi.

              Muzokaralarda Xitoy tomonidan ishtirok etgan “China Yongye Infrastructure Construction Group” kompaniyasi menejeri Xou Yaoszyun ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini va loyihada ishtirok etishga tayyor ekanini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, hamkorlik uch tomonlama kelishuv asosida rasmiylashtirilishi mumkin.

             Bundan tashqari, Bolgariya Fanlar akademiyasining Texnika kibernetikasi va robototexnika instituti vakili Rosen Kirilov institutlarida qishloq xo‘jaligi uchun uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarish va chorvachilikda elektrcho‘pon bo‘yicha ishlanmalar mavjudligini ma'lum qildi. Shuningdek, vinochilik sohasida tasdiqlangan mutaxassislik va texnik qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlariga ega ekanligini qayd etdi. U Institut rahbariyati Navoiy bo‘limi bilan hamkorlik memorandumini imzolashga tayyor ekanini bildirdi.

               Uchrashuvda har ikki davlatning turistik salohiyatini oshirish, mehmonxona biznesini rivojlantirish va milliy oshxona restoranlarini ochish masalalari ham muhokama qilindi.

            Navoiy bo‘limi Bolgariya hamkorlari bilan muvaffaqiyatli ish tajribasiga ega. Masalan, “Paulownia BG” MChJ bilan hamkorlikda 2022 yildan buyon Nurota tumanida pavlovniya plantasiyasi yaratish ishlari olib borilmoqda. 2022 yil bahorida Bolgariyadan 2000 ta qalamcha va 1000 ta ko‘chat olib kelinib, 1 gektar maydonga ekilgan. Hozirgi kunda plantasiya maydoni 4 gektarga yetdi. Yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich 50 gektargacha oshirilishi rejalashtirilgan.

        Yig‘ilish yakunida bolgar tomoni O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!