Hamkorlik yo‘nalishlari aniqlashtirildi
2024 yilning 11-12 oktyabr kunlari Xitoyning “Henan Wanshihengtong Intelligent Equipment Co., Ltd” kompaniyasining xorijiy masalalar bo‘yicha bosh direktori Li Yanli O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga tashrif buyurdi va bo‘limning ishlanmalari bilan tanishdi.
Mazkur kompaniya asosan foydali qazilma boyliklarni, xususan, rangli metallarni intellektual tizim orqali qazib olishga ixtisoslashgan bo‘lib, tog‘-kon sanoati uchun maydalash va yordamchi uskunalar ishlab chiqaradi. Shuni ta'kidlash joizki, Navoiy bo‘limi va mazkur kompaniya o‘rtasida aloqa joriy yilning iyulida bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev va tarkibiy bo‘lim boshlig‘i Sherzod Sharipovning Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘li” tog‘-kon sanoati hamkorlik forumi doirasida amalga oshirgan safari davomida o‘rnatilgan edi. O‘shanda ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan va Li Yanlining O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirilishi haqida kelishilgan edi.
Hozirgi muzokaralarda Navoiy bo‘limi olimlarining ishlanmalari bilan batafsil tanishganidan so‘ng, Xitoylik mehmon yengil kal'siy karbonatini hamda Navbahor tumanida joylashgan “Vaush” konidagi qizil gilidan presslangan g‘isht ishlab chiqarish loyihalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Birinchi holatda u Xitoydan innovatsion texnologiya transferi qilishga, ikkinchisida esa to‘liq avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyasini xarid qilishga yordam berishini aytdi.
Mavjud imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida Li Yanli bo‘lim rahbariyati va olimlar hamrohligida “Vaush” konini bevosita ko‘zdan kechirdi. “Ishlab chiqarish sanoati korxonalari uchun keng qo‘llaniladigan (mikrokal'sit) maydalangan marmar kukunini innovasion usulida ishlab chiqish” nomli loyihasini amalga oshirish uchun olib kelingan uskunalarni ko‘zdan kechirdi, bu loyihani bo‘lim “Noma’dan minerallari” MChJ bilan birgalikda amalga oshirmoqda.
Bundan tashqari, Xitoylik mehmon Navoiy bo‘limi olimlari Bolgariyalik sheriklari bilan hamkorlikda Nurota tumanida tashkil etilyotgan pavlovniya plantasiyasini ham ko‘zdan kechirdi. U shu yo‘nalishda ham hamkorlik qilishga qiziqish bildirib, tez o‘suvchi ushbu daraxtning ayrim navlarini yuborishga yordam berishni va'da qildi.
Uchrashuv yakunlarida Li Yanli bo‘limning yosh olimlari guruhini Xitoyga tashrif buyurib, uning kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlari va imkoniyatlari bilan tanishishga taklif qildi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.