Hamkorlik chegaralari kengaymoqda


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limiga o‘z faoliyatini mamlakatimizda yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirgan Rossiya kompaniyalari rahbarlari tashrif buyurishdi. Ular bilan muzokaralarni Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev, rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev, ilmiy kotib Djaxangir Gulyamov va ilmiy xodimlari o‘tkazildilar.

Rossiyadan tashrif buyurgan ilk mehmon «Teokorteks» MChJning rahbari Sergey Budnik bo‘ldi. U Navoiyda tezlatilgan elektronlar va rentgen nurlari yordamida o‘simlik va hayvonot oziq-ovqat xomashyosiga mikroblarga qarshi va fitosanitar ishlov berishga ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish markazini yaratishni rejalashtirmoqda. Shuni qayd etish joizki, bu g‘oyani joriy yilning may oyida bo‘limning ilmiy xodimlari bilan o‘tkazilgan suhbatda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ma'qullagan edi.

Taklif etilgan texnologiyadan foydalanish mahsulotlarni nafaqat bakteriyalar va zararli hasharotlardan himoya qilishni ta'minlaydi, balki ularning saqlanish muddatini uzaytirish imkonini beradi, bu esa uzoq masofaga tashishda muhim omil hisoblanadi. Texnologiyaning xavfsizligi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, u AQSh, Xitoy va boshqa davlatlarda keng qo‘llaniladi, lekin har bir oziq-ovqat mahsuloti uchun nurlanish dozasini to‘g‘ri tanlash zarur, bu esa faqat zararli mikroorganizmlarni yo‘q qilish bilan cheklanmay, balki ularning ozuqa qiymatini saqlab qolishni ham ta'minlaydi. Bu masalada Navoiy bo‘limi olimlari shartnoma tuzilganidan so‘ng amaliy yordam ko‘rsatishlari mumkin.

Yuqorida bayon etilgan texnologiyaning keng joriy etilishi O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi meva-sabzavotlari eksportini ko‘paytirish, yetkazib berish geografiyasi va turlarini kengaytirish imkonini beradi. Bir necha shunday markazlarni yirik ulgurji tarqatish majmualari, transport markazlari, bojxona terminallari yoki xom ashyo va mahsulotlarni qayta ishlash va saqlash joylari yaqinida joylashtirish rejalashtirilgan. Logistika nuqtai nazaridan juda qulay bo‘lganligi uchun ilk markazi Navoiy viloyatida yaratiladi.

Bundan tashqari, markazning ish faoliyatini oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish bilan cheklamay, texnologiyadan polimerlar, lak va bo‘yoqlar hamda boshqa materiallarni radiasion modifikasiyalash hamda tibbiy buyumlarni sterilizasiya qilishda foydalanish orqali kengaytirilishi mumkin. Masalan, bu usuldan foydalanib polietilen quvurlarning, rezina mahsulotlarining egiluvchanligi va mustahkamligini, yo‘l belgilari va agressiv muhitda ishlaydigan yuza qoplamalarning namlik va yeyilishga chidamliligini oshirish mumkin. Bu yerda ham ilmiy tadqiqotlar zarur.

Rossiya tomoni asbob-uskunalarni yetkazib berishga tayyor. Ilk markazi uchun barcha kommunikasiyalar va zarur infratuzilmaga ega binoga ehtiyoj bor. Bu masala birgalikda o‘rganib chiqiladigan bo‘ldi. Barcha jihatlar kelishilgandan keyin, O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasini yaratish ehtimoli mavjud.

Shuningdek, Rossiyaning “Akvadjenika” MChJning direktori Sergey Dorjiyev va “VIM” Federal agroinjenerlik ilmiy markazining katta ilmiy xodimi Yelena Bazarovalar Navoiy bo‘limi olimlari bilan havodan suv olish uskunalarini ishlab chiqish va takomillashtirishga qaratilgan loyiha bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligini aytib o‘tdilar.

Rossiya kompaniyasining atmosfera namligini ekstragirlash uskunalarida atmosfer namlikni aylanish effekti va havo oqimi haroratini ajratish texnologiyasidan foydalaniladi. Dorjiyevning ta'kidlashicha, bu kabi uskunalar bozorida Isroil, Finlyandiya va boshqa davlatlarning analoglari mavjud, ammo ular issiq-quruq iqlim sharoitida ishlashga moslashmagan. Agar analoglarning samarali ishlashi uchun havoda namlik 1 kubometrga kamida 10 gramm bo‘lishi kerak bo‘lsa, taklif etilayotgan uskuna 4 grammda ham ijobiy natija ko‘rsatadi. Bundan tashqari, atrof-muhit harorati diapazoni 10 dan 70 darajagacha.

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida kuniga 1000 litr suv ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan avtonom pilot qurilmasi yig‘ilgan va muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan. Uskunani endi cho‘l sharoitida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan, Qizilqum esa eng maqbul variant. Eng qiyin tuproq-iqlim sharoitiga ega bo‘lgan aniq joyni tanlash uchun ilgari ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Bundan tashqari, ichimlik suviga ehtiyojni aniqlash uchun marketing va ijtimoiy tadqiqotlar talab etiladi. Uskuna o‘rnatish uchun biror ijtimoiy ob'ekt tanlanishi kutilmoqda.

Rossiyaliklar bu masalalarda Navoiy bo‘limi olimlaridan amaliy yordam kutishmoqda. Ular texnik topshiriq tayyorlashadi, shundan keyin xo‘jalik shartnomasi imzolanadi. Shuni ta'kidlash joizki, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi mutaxassislari qurilmada havodan olingan suvning zarur tahlillarini o‘tkazib, uning xavfsizligi va ichishga yaroqliligi haqida xulosa berishdi.

Muzokaralar davomida tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida suv resurslarini tejash va oqilona foydalanish masalasi juda dolzarb bo‘lganini hisobga olgan holda, bu yo‘nalishdagi hamkorlikning istiqbolli ekanini ta'kidlashdi. Shuningdek, kelgusida xalqaro grantlarga ariza topshirish uchun qo‘shma loyiha yozishga kelishib olindi.

Fevzi ISTABLAYEV,

Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!