Geologlar hamkorlik qilishga tayyor


2021 yilning 23 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan “O‘rta Osiyo geologiyasini o‘rganishning hozirgi holati va istiqbollari” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Latviya va Xitoy Xalq Respublikasiing 30dan ortiq turli ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari, kompaniya, korxona va tashkilotlaridan 100ga yaqin yetuk geologlari va turdosh yo‘nalishlardagi taniqli olimlari, tadqiqotchilari, doktorantlari va talabalari ishtirok etdi. Bashoratlangan va tasdiqlangan zaxiralarga ega foydali qazilma konlarining joylashuvi yangilangan ma'lumotlar va xaritalari bilan besh jildli “O‘rta Osiyo geologiyasi” ilmiy risolasini tayyorlash asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘ldi.

Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev o‘zining kirish so‘zida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda geologiya sohasiga katta investisiyalar kiritilgani, eng ilg‘or texnologiyalar joriy etilganini ta'kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Yaqinda Yurtboshimiz ushbu ta'lim muassasasiga tashrifi chog‘ida yangi universitetda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shunda davlatimiz rahbari geologiyaning iqtisodiyot uchun ahamiyati beqiyos ekanini ta'kidladi. So‘nggi yillarda ilmiy maktablarni qayta tiklash, kadrlar tayyorlashga e'tibor qaratilgani, yaxshi sharoitlar yaratilgani, eng ilg‘or ilmiy usullar va laboratoriya uskunalari joriy etilayotganini aytib, endi natijalar uchun ishlash kerakligini ta'kidladilar. Bundan tashqari, 2021 yilning 22 dekabrida Yurtboshimiz “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga tashrif davomida “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish bo‘yicha megaloyihaning amalga oshirish ishlarni ko‘zdan kechirdi. Unda Prezidentimiz geologiya – hamma ishimizda katalizator ekanligiga alohida urg‘u berdilar.

Shuni ta'kidlash joizki, ilmiy risola yaratish g‘oyasi Bo‘lim yosh olimlarining Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Quvondiq Sanaqulov bilan uchrashuvlaridan birida paydo bo‘ldi. Bu taklif Hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Geologiya chegarani bilmaydi va bu ishni faqatgina barcha beshta Markaziy Osiyo respublikalari va qo‘shni davlatlarning sa'y-harakatlari bilan amalga oshirish mumkin.

Konferensiya davomida geologiya, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohalariga oid 20ga yaqin ma'ruzalar tinglandi. Nutqlar jonli bo‘lib, ularni kuzatib borgan ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar haqiqiy ilmiy muzokaraga sabab bo‘ldi.

Tadbir yakunida Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo davlatlarining har birida risola uchun ma'lumot to‘playdigan ishchi guruhlar tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Konferesiya ishtirokchilari bu ishning dolzarbligini ta'kidladilar, chunki Markaziy Osiyo geologiyasiga oid umumlashtirilgan ma'lumotlar 30 yildan ortiq vaqt davomida yangilanmagan. O‘zbekistonlik ishchi guruh a'zolarining dastlabki ro‘yxatiga yettita ilmiy-tadqiqot instituti va korxonalaridan 20dan ortiq olimlar va tadqiqotchilar kiritildi.

Konferensiya materiallarini to‘plam ko‘rinishida chop etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuni ham ta'kidlash joizki, Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi ta'sischiligida tashkil etilgan “Qizilqum Istiqbollari" MChJga yaqinda “Vaush” dolomitlar va qo‘shimcha bentonitli gillar va kvars qumlar uchastkasini geologik jihatdan o‘rganish maqsadida Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun lisenziya berildi. Faol dala ishlari 2022 yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!