Fanlar akademiyasining 80 yillik yubileyi keng nishonlandi


2023 yilining 12-14 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil etilganining 80 yilligi keng nishlonlandi. Ushbu yubiley sanaga bag‘ishlangan bir qator tantanali, ilmiy va ommaviy tadbirlar Toshkent shahrida o‘tkazildi. Unda FA Navoiy bo‘limi rahbariyati va ilmiy xodimlari faol ishtirok etdilar.

 

Jumladan, 12 dekabrida Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirining tantanali marosimi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tdi. Bunda tadbir ishtirokchilari saroyning foyesida FAning hududiy bo‘limlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining innovatsion ishlanmalari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.

So‘ngra katta zalda bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning akademiya jamoasiga tabrigini o‘qib eshittirildi.

Tabrik orqali davlatimiz rahbari zahmatkash olim va akademiklar, iqtidorli tadqiqotchilar, doktorant hamda aspirantlar, yurtimizdagi barcha ilmiy xodimlarini ushbu qutlug‘ kun bilan qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdi.

Qutlovda g‘oyat murakkab va sharafli yo‘lni bosib o‘tgan akademiya yurtimizda yuzlab atoqli olim va akademiklarni tarbiyalab, ilm-fan sohalari bo‘yicha nufuzli ilmiy maktablar yaratishga katta hissa qo‘shgani minnatdorlik bilan ta'kidlangan.

Yurtimizdagi barcha olim va tadqiqotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun bundan buyon ham zarur kuch va imkoniyatlar ishga solinishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bexzod Yuldashev so‘zga chiqib, Ikkinchi jahon urushi avji qizigan kezlarda 1943 yilning 4 noyabrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining barpo etilishi ming yilliklarga dahldor o‘zbek ilm-fanida yangi bir davrning boshlanishi bo‘lganini, sakson yil mobaynida Fanlar akademiyasi, katta va murakkab yo‘lni bosib o‘tganini, va shu davr mobaynida Fanlar akademiyasi, umum e'tirof etgan, jahon ilmiy jamoatchiligining nufuzi hamda hurmatini qozongan ilm-fan markaziga aylanganini ta'kidladi. Shuningdek, B.Yuldashev Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangandan so‘ng, 2017 yildan keyin akademiyaning ikkinchi hayoti boshlanganiga alohida urg‘u berdi. Jumladan, bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari qayta ochilib Fanlar akademiyasi tarkibiga qaytarilganini, ularning moddiy-texnika bazasi yangilanganini, olimlarning maoshlari sezilarli oshirilganini ta'kidladi. Natijada olimning nufuzi xalqning ko‘zida oshganini, juda ko‘p kashfiyotlar qilinganini, oxirgi 5-6 yil ichida akademiyada yosh tadqiqotchilar ko‘paygani, hatto ayrim institutlarda doktoranturaga kirish uchun 1ta o‘ringa 12 nafargacha nozmod to‘g‘ri kelganini aytib o‘tdi.

Tadbirga 15ga yaqin xorijiy, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlarining, Rossiya, Xitoy, Mongoliya, Turkiya, Ozarbayjon va Belorusiya fanlar akademiyalarining prezident va vise-prezidentlari hamda olimlari tashrif buyurib, o‘z tabrik so‘zlari bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyati va olimarini qutladilar.

13 va 14 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi binosida “Ilm-fan – Yangi O‘zbekistonning poydevori” nomli xalqaro koferensiya o‘tkazildi. Yalpi majlisda AQSh, Xitoy, Rossiya, shu jumladan, Tatariston hamda Mongoliya, Belorusiya, Turkiya, Gruziya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Eron va boshqa davlatlardan kelgan xalqaro miqiyosdagi yirik olimlar, o‘zbek ilm-fani darg‘alari, akademiklar, turli sohalarning yetuk mutaxassislari ishtirok etdilar.

Shu'balarda esa FA Navoiy bo‘limi tarkibiy bo‘lim mudiri Sherzod Sharipov va katta ilmiy xodimi Fevzi Istablaevlar o‘z ma'ruzalari bilan qatnashib, Navoiy bo‘limida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va erishgan yutuqlari bilan ishtirokchilarni tanishtirdilar.

Konferensiya ilmiy jihatdan savol-javoblarga boy bo‘lib, O‘zbekiston va horijiy ilmiy muassasalar olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

FA Navoiy Bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!