Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi laboratoriyasiga ekskursiya


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga Navoiy shahar Prezident maktabining biologiya yo‘nalishidagi 10-sinf o‘quvchilari o‘z o‘qituvchilari Nafosat Keldiyorova va JARdan janob Edrian bilan birga tashrif buyurdilar. Maqsad - Bo‘lim ishlanmalari bilan yaqindan tanishish, olimlar bilan suhbatlashishdir.

Bo‘lim raisining o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev so‘zga chiqib, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini tashkil etish uchun tegishli ravishda hududdagi yirik sanoat korxonalari va qishloq xo‘jaligining texnik, texnologik va ekologik muammolarini hal etish uchun Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilganini aytib o‘tdi.

2018 yilda Bo‘limda doktorantura ochilgan bo‘lib, doktorlik dissertatsiyalar ishlab chiqarish korxonalari, jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining muammoli masalalarini yechishga qaratilgan. Bugungi kunda 3ta bosqichda 18 tayanch doktorantlari ta'lim olishmoqda. Bo‘limning 1ta Dsc doktoranti va 8ta PhD tayanch doktorantlari, shiningdek 4tasi muddatidan oldin o‘z dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganlarini hamda 2020 yildan boshlab Bo‘limda Stajyor-tadqiqotchilar instituti faoliyat ko‘rsatayotganini ta'kidladi.

O‘z navbatida N.Keldiyorova Prezident maktabi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim muassasasi hisoblanib, uning faoliyati yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitishni ta'minlashga qaratilganligini aytib o‘tdi.

Ikki qavatli maktab binosi 2021 yilda qurilib, muassasa noyabr oyida rasmiy o‘z faoliyatini boshladi. Maktab qurilishida ilg‘or arxitektura texnologiyalaridan foydalanildi. Barcha sinf xonalari zamonaviy jihozlar, laboratoriya asboblari, elektron doskalar bilan ta'minlangan.

Olti ming nafarga yaqin talabgor orasidan 5-10-sinfga 144 nafar o‘quvchi, qariyb ming nafar pedagog ichidan 35 nafar, shuningdek 5 nafar xorijiy o‘qituvchi ko‘p bosqichli sinovlar asosida saralandi. O‘quvchilar uchun zamonaviy yotoqxona qad ko‘targan bo‘lib, o‘quvchilar 5 mahal ovqat, o‘quv qurollari, maktab formalari (mavsumga qarab barcha turdagi) va boshqa barcha xarajatlar maktab tomonidan ta'minlanadi. Darslar ingliz tilida olib boriladi.

So‘ngra o‘quvchilar bevosita joylarda, ya'ni laboratoriyalarda Bo‘lim ishlanmalari bilan tanishdilar. Xususan, ular Toshqazgan konidagi grafit rudasini flotasion boyitish jarayonini ko‘rib, ishlab chiqarish uchun bironta daraxt nobut bo‘lmagan tosh qog‘ozning afzalliklarini baholadilar. Maktab o‘quvchilarida issiqxonalarda ekin ekish uchun vermikulit stakanlari, kvars qumini boyitish uchun pul'sasion kolonna va yengil pavlovniya taxtalari namunalari qiziqish o‘yg‘otdi.

O‘quvchilarining aytishicha, ular ekskursiyadan mamnun bo‘lishdi. Q.Nurboнev ularni oldindan kelishilgan holda laboratoriyaga kelib, Bo‘limda faoliyat yuritayotgan Ixtirochilar va rasionalizatorlar klubi faoliyatida faol ishtirok etishni taklif qildi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!