FA Navoiy bo‘limining yana ikkita monografiyasi chop etildi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan yana ikkita monografiya tayyorlanib, chop etildi.
Birinchi monografiya “Nurota mintaqasining statistik metallogenik tahlili hamda oltin va volfram konlarining miqdoriy bashoratlanishi” deb nomlangan bo‘lib, 136 betdan iborat. Uning mualliflari – FA Navoiy bo‘limining raisi A.U.Mirzayev hamda L.R.Sadikova, S.T.Maripova va Sh.R.Kasimova. Ilmiy risola O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti bilan birgalikda tayyorlandi.
Monografiya O‘zbekiston geologiyasida yangi matematika yo‘nalishining asoschisi bo‘lgan akademik F.A.Usmonovning “Statistik metallogeniya”dagi nazariy ishlanmalarining davomidir. Monografiyada matematik usullarni geologiyada qo‘llashning nazariy va amaliy jihatlari Nurota mintaqasi misolida ko‘rib chiqilgan. Umumiy nazariy va uslubiy vazifalarga statistik metallogeniyaning yanada rivojlanishini ta'minlaydigan ishlab chiqilgan yangi matematik usullar va algoritmlar kiradi. Amaliy jihati esa - miqdoriy bashoratlash xaritalarini tuzish uchun zarur bo‘lgan oltin, volfram konlari va rudalar paydo bo‘lishining statistik qonuniyatlarini aniqlashdir.
Kitob geologlar va metallogenistlarning keng doiralari, shuningdek, geologik OTMlarining o‘qituvchilari va yuqori kurs talabalari uchun mo‘ljallangan.
FA Navoiy bo‘limi ilmiy kotibi Dj.R.Gulyamov, xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Q.M.Nurboyev, rais A.U.Mirzayev hamda V.J.Anvarovalar muallifligida bo‘lgan “Neyropedagogikaning nazariy-metodologik asoslari” nomli ikkinchi monografiyada neyropedagogikaning fan sifatida yuzaga kelishi, uning nazariy jihatlari va amaliy ahamiyati, fan sifatidagi maqsadi, vazifalari, mazmuni, diagnostika metodlari hamda neyropedagogik ta'lim muhiti, o‘quvchilarning neyropedagogik xususiyatlarini hisobga olgan o‘qitishning neyropedagogik metod va texnologiyalarini ta'lim-tarbiya jarayonida qo‘llash yo‘llari yoritilgan.
Mazkur monografiya 160 betdan iborat bo‘lib, pedagogika oliy ta'lim muassasalari bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash kursi tinglovchilari hamda pedagogika sohasida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi barcha mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
Ikkita monografiyani ham elektron shaklda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining rasmiy telegram-kanaliga obuna bo‘lib, https://t.me/academynav havolasi orqali yuklab olish mumkin.
Fanlar akademiyasining Navoiy filiali matbuot xizmati.