FA Navoiy bo‘limi Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumida


2021 yilning 25-26 fevral kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda xo‘jalik boshqaruvi organlari, tarmoq korxonalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat xokimliklarining oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirishga, shuningdek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga qaratilgan Forumda o‘z ishlanmalari bilan FA Navoiy bo‘limi olimlari ham ishtirok etdi.

Shuni ta'kidlash joiz-ki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev huzurida 2020 yil 3 dekabr kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Davlat rahbari tomonidan yilda ikki marotaba (bahor va kuzda) Forum o‘tkazish, uning doirasida oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlanmalarini tarmoq korxonalari va hokimliklarga namoyish qilish topshirilgan edi.

Forum doirasida ishtirokchilar ilmiy tadqiqot institutlari, oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion mahsulotlar bilan yaqindan tanishdilar. Natijada hududlarda mavjud muammollarni hal qilish, iqtisodiyot sohalarini innovatsion texnologiyalar asosida rivojlantirish bo‘yicha mahalliy hokimliklar va ishlanmalar mualliflari o‘rtasida shartnomalar tuzish haqida muzokaralar olib borildi.

Xususan, FA Navoiy bo‘limi olimlari oltita ishlanmalari bilan qatnashdilar.

Birinchisi – bu Vaush koni dolomitini qayta ishlash yo‘li bilan magniy oksidi (magnezit) olish. Magnezit metallurgiya sanoatida, portlandsement va sulfat kislota hamda 300°C gacha qizdirishga bardosh beradigan refrakter g‘ishtlar ishlab chiqarishda ishlatiladi. Shuningdek, shakar, rezina, qog‘oz, kimyo, farmasevtika sanoatida, asbest, elektr izolyatorlari, Sorel sement ishlab chiqarishda, sun'iy marmar ishlab chiqarish uchun kuydiriladigan shaklda ishlatiladi. Davlatimiz tomonidan import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga katta e'tibor qaratilmoqda, shuning uchun ushbu loyiha dolzarb hisoblanadi.

Keyingi ishlanma - qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda noma'dan bentonit gillaridan foydalanishning ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarini ishlab chiqish. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tabiiy bentonit gillaridan foydalanish yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish va oziq-ovqat havfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda bentonit gillari bilan qobiqlab ekilganda urug‘larning unib chiqish davrida kechadigan jarayonlarga bentonitning ta'sirini o‘rganish, qurg‘oqchilik sharoitida o‘simliklarni bargidan oziqlantirishda bentonitli suspenziyadan foydalanishning ta'siri, cho‘l-dasht sharoitida cho‘l-ozuqabop o‘similiklari o‘rug‘larini bentonit kukuni bilan qobiqlab ekish ilk marta o‘rganilmoqda.

Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida suvni tejash, tuproq degradasiyasining oldini olish, uni unumdorligini saqlash, qayta tiklash, oshirish va muhofazalash hamda oziq-ovqat havfsizligini ta'minlashga imkon yaratiladi.

Uchunchi ishlanma kvars kumlari bilan bog‘liq. Uni hayotga tatbiq etilishi qo‘yidagi natijalarga erishishga imkon beradi. Olovbardordosh g‘ishtlarni olinishida boytilgan kvars qumlari qo‘llanilishi ularning mustahkamligini oshiradi. Taklif etilayotgan texnologiya asosida boyitilgan kvars qumi shisha ishlab chiqarishda va qurilish sanoatida mahsulot sifatini yaxshilaydi. Bu esa, o‘z navbatida, katta iqtisodiy samaradorlikka erishishga olib keladi.

Keyingi ishlanma “Neft-gaz quduqlarini gorizontal yo‘nalishda burg‘ulash uchun ishlatiladigan gil tuproqlarini sifatli navlari” deb nomlanadi. Loyiha bajarish mobaynida gil tuproqlarining tarkibi va xususiyatlariga qarab burg‘ulash eritmasi bilan ta'sirlashish, zararli jinslarni yo‘q qilish jarayonlarini o‘rganish ishlari olib boriladi.

Beshinchi ishlanma – moylarni tozalovchi va oqartiruvchi bentonit gil kukuni yaratishga, oxirgi ishlanma esa seolit mineralini granula holatida ishlab chiqarishga qaratilgan.

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi faol ishtirok etgani uchun Innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan imzolangan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!