Eronga xorijiy safarning amaliy natijasi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi hamda Buxoro shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli “Shaxboz Carpet Textile” MChJ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Bu esa Eron Islom Respublikasining bir qator ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik qilishga yangi imkoniyatlarini ochib beradi.
Gap shundaki, Navoiy bo‘limi “Noruda va texnogen foydali qazilmalar” tarkibiy bo‘limning mudiri Baxtiyor Sabirov va “Shaxboz Carpet Textile” MChJ vakili Ashraf Xodjayevlar 2023 yil 28 may - 11 iyun kunlari Eronda xizmat safarida bo‘lishib, Yazd viloyatining bir necha yirik sanoat hududlaridagi ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati bilan tanishdilar. Safar davomida olib borilgan muzokaralar asosida Eronning “Kashi Shirkooh Yazd Co” kompaniyasi va “Shaxboz Carpet Textile” MChJ o‘rtasida O‘zbekistonda boyitilgan kaolin xom ashyosini Eronda qayta ishlash va O‘zbekiston ichki bozorini ta'minlash uchun tayyor keramik koshinlar va sanitar-texnik buyumlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik kelishuvga erishilib shartnoma imzolandi.
Aynan ushbu hamkorlikni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda kaolin va boshqa tabiiy mineral xom ashyolarning yangi zahiralarini qidirib topish, qazib olish, boyitish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan texnologik jarayonlarda konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, istiqbolda O‘zbekiston hududidagi hali foydalanilmayotgan tabiiy mineral xom ashyo zahiralaridan foydalanishga qaratilgan faoliyatni birgalikda muvofiqlashtirish, bundan tashqari Navoiy bo‘limi olimlarining ishlanmalarini amaliyotga joriy qilish, xususan qorako‘l qo‘ylarining genetik darajada tadqiq etishga bag‘ishlangan izlanishlar natijalaridan keng foydalanish maqsadida Bo‘lim va MChJ o‘rtasida memorandum tuzildi.
Mazkur hamkorlikning dastlabki qadami sifatida xo‘jalik shartnomasi ham tuzildi. Shartnomaga asosan “Shaxboz Carpet Textile” MChJ buyurtmasi asosida FA Navoiy bo‘limi tomonidan “Boyitilgan kaolin xom ashyosini bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashda mahsulotning chiqish normalari yuzasidan ilmiy xulosa” tayyorlanashi ko‘zda tutilgan.
Ta'kidlash joizki, Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan ilmiy xulosani tayyorlash uchun boyitilgan kaolin xom ashyosini qayta ishlash bilan bog‘liq bir qism texnik, texnologik tadqiqotlar Eronning “Kashi Shirkooh Yazd Co” kompaniyasi va O‘zbekistonning “Shaxboz Carpet Textile” MChJ korxonalari vakillari hamda texnolog-mutaxasislari bilan aniqlashtirib olingan va tegishli ma'lumotlar to‘plangan. Jumladan, Yazd viloyati hududi sanoat korxonalarining keramik koshinlar ishlab chiqarish bo‘yicha muhandis-texnologi Ahmad Xasanpur bilan birgalikda korxonada ishlab chiqarish texnologik jaryonlarining olib borilishi, texnologik jihozlar va ishlab chiqarishda xom ashyo sarfi, xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishdagi sarf me'yorlari, yo‘l qo‘yiladigan texnologik yo‘qotishlar me'yorlari bo‘yicha muzokaralar olib borilgan va zarur ma'lumotlar olingan.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.