Ekopartiyaning siyosiy tadbiri o‘tkazildi


Joriy yilning 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib o‘tgan Umumxalq referendumi natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahririda qabul qilindi. Yangilangan Konstitutsiya Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘yganini inobatga olib, yurtboshimiz «Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida»gi farmonini imzoladi. Siyosiy partiyalar o‘z saylov kampaniyalari boshlab yubordilar.

Jumladan, 22 may kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imzo to‘plash tadbiri O‘zbekiston Respublkasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida bo‘lib o‘tdi. Bunda o‘z xohish-istaklari bilan siyosiy jarayonlardagi faolligini ko‘rsatgan holda Bo‘limning ilmiy va texnik xodimlari, doktorant va stajyor-tadiqotchilari tegishli hujjatga o‘z imzolarini qo’ydilar.

Ta'kidlash joizki, mazkur jarayon partiyalarning saylovdagi ishtirokiga oid muhim bosqich hisoblanadi. Saylov kodeksiga muvofiq, siyosiy partiya Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, jami saylovchilarining umumiy soni kamida bir foizining imzosini to‘plashi kerak. O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z rahbari Abdushukur Xamzayevni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, Bo‘limda O‘EPning boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyatini olib bormoqda. Bundan tashqari, aynan ekologik masalalarini yechishga qaratilgan tarkibiy bo‘lim majud bo‘lib, bu yerda tegishli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Tadbir ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, saylov jarayonlarida imzo to‘plash ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda olib borilmoqda. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovi 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

FA Navoiy bo‘limi matubot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!