Dolzarb mavzu bo‘yicha suhbat
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining bosh maslahatchisi, professor Baxtiyor To‘rayev tashrif buyurdi va Bo‘lim ilmiy xodimlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.
Navoiy bo‘limi xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev mehmonga Bo‘lim to‘g‘risida umumiy ma'lumot berib, bu yerda olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan tanishtirdi. Jumladan, Bo‘limda 5ta tarkibiy bo‘linmalarda 17ta yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borilayotgani, 30dan ortiq doktorantlar tahsil olayotganlarini va tadqiqotlar hududning muammolarini yechishiga qaratilganini aytib o‘tdi.
B.To‘rayev esa uchrashuv ishtirokchilarini kirib kelayotgan Mustaqillikning 33 yilligi bilan tabriklab, ilmiy ishlariga rivoj tiladi. Ilm-fan – har qanday davlatning bugungi kuni va kelajagini, uning rivojini belgilaydigan muhim soha ekanligini ta'kidlab, aholi orasida halol va faol mehnat qilib kun kechirish, yurtni obod qilish, Vatan taraqqiyoti va farovonligiga o‘z hissasini qo‘shish bo‘yicha tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ilmiy xodimlarni hamkorlikka chaqirdi.
Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilari odob-axloq va ma'naviyat, ogohlik va xafsizlik, din va vijdon erkinligi masalalariga ham to‘xtaldilar va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.