Doktorlik dissertasiya himoyasi yaqin


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida bugungi kunda o‘n bitta tayanch doktorant ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Ulardan biri – ikkinchi kurs tayanch doktoranti Akbarjon Jumayev 05.02.02 – «Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinashunoslik va mashina detallari» ixtisosligi bo‘yicha “Tasmali konveyer tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlari konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslash” mavzusida texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun muddatdan oldin dissertasiyasini himoya kilish niyatida.

A.Jumayev tomonidan ilmiy izlanishlar va amaliy tadqiqot asosida tasmali konveyer tarkibiy qismlari konstruksiyalarini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Markaziy kon boshqarmasining Muruntov karyerida ishlab chiqarishga joriy etildi.

Bugungi kungacha olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmda dumalash podshipnigi o‘rniga sirpanuvchi tayanch vazifasini bajaruvchi detal qo‘llanilganda mexanizm mexanik shkastlanishi 5,6 foizgacha va tashqi ta'sir natijasida shkastlanish 4,99 foizgacha kamaydi. Tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlarning aylanishiga qarshilik koeffisientini aniqlash bo‘yicha mavjud tavsiyalar bilan taqqoslash natijasida mexanizm aylanishiga qarshilikning hisoblangan kuchi ish haroratiga qarab 1,9-2,7 martaga kamayadi. Buning natijasida tasmali konveyer tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlarining ekspluatasion samaradorligini 25-30 foizgacha oshirish imkonini beradi.

 

Dissertasiya tadqiqoti Navoiy davlat konchilik instituti ishlari rejasining BV-F2-010 “Kon uskunalari detallarini termosiklik ishlov berish texnologiyasini ishlab chiqish va ilmiy asoslash” (2017-2020 yy.), BV-Atex-2018-516 “Mashina va uskunalarni modellashtirish asosida putur yetkazmasdan tekshirish usulini va matematik modelini ishlab chiqish va tadqiqot qilish” (2018-2020 yy.), mavzulardagi loyihalari doirasida bajarilgan.

Shu kungacha Akbarjon Jumayevning 50dan ortiq ilmiy ishlari mavjud bo‘lib, dissertasiya ishi bo‘yicha 31ta ilmiy ish chop etilgan. Jumladan, Scopus bazasida indeksasiya qilinadigan nashrlarda 2ta, xorijiy va Respublika jurnallarida 2tadan maqola va O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasining dissertasiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 8ta (2ta xorijiy va 6ta Respublika jurnallarida).

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!