Davlat rahbarining topshirig‘i ijro uchun qabul qilindi
2024 yil 19 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga “China Manor Spring” MChJ XK vakillari kompaniyaning bosh direktori Lin Szyan'syu boshchiligida tashrif buyurdilar. Ular bilan Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev, rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev hamda ilmiy xodimlari muzokaralar o‘tkazdilar.
Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi mazkur xorijiy korxona Zarafshon shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, foydali qazilma boyliklar, jumladan, granit qazib olish bilan shug‘ullanadi. Ammo bosh kompaniya manfaatlari doirasida rangli metallar, shu jumladan, mis va alyuminiy ham mavjud. Muzokaralar davomida tomonlar geologiya, foydali qazilma boyliklarni qazib olish va qayta ishlash sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Xususan, ma’dan va noma’dan foydali qazilmalar konlari istiqbolli maydonlarini aniqlash bo‘yicha geologik-qidiruv ishlarini olib borish, bu konlarda qazib olish ishlarini olib borish istiqbolini ilmiy asoslash kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi. Korxona moliyaviy va texnik ko‘mak berishi, Navoiy bo‘limi esa investorlarni qiziqtirgan konlarda geologik qidiruv ishlarini o‘tkazish, ehtimoliy zahiralarni ilmiy tadqiq qilish, ilmiy asoslangan xulosalar berish hamda geologik qidiruv ishlari va keyinchalik qazib olish va qayta ishlash uchun zarur ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, mazkur korxona vakillari bilan Navoiy bo‘limi ilmiy xodimlari 14-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “InnoWeek-2024” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida uchrashgan edilar. Unda Bo‘lim o‘z ishlanmalari bilan qatnashib, faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlandi. O‘shanda muzokaralar o‘tkazilib, tafsilotlarni muhokama qilish hamda hamkorlikni tegishli hujjat bilan mustahkamlashga kelishib olingan edi. Bu jarayon shu kuni Navoiy shahridagi uchrashuvda amalga oshirildi. Tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
Bu hamkorlik joriy oy boshida Navoiy viloyatiga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarish yo‘llaridan biriga aylanishi mumkin. Jumladan, davlat rahbari tegishli vazirlik, idora hamda tashkilotlarga, shu jumladan Navoiy bo‘limiga 30 foiz ilmiy xodim va tajribali geologlarini Navoiy viloyatining tuman va shaharlariga nomma-nom biriktirib, ularni bir yilga safarbar qilib, yangi foydali qazilmalar zaxiralarini aniqlash ishlarini tashkil qilish topshirig‘ini berdilar. Bevosita Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga xalqaro kompaniyalarni jalb qilib, chuqur geologik tahlillar asosida, 100ta yangi konlarni tayyor loyiha paketi bilan tadbirkor va investorlarga taklif qilish, shuningdek 100 gektardagi 50dan ziyod sochma oltin uchastkalariga tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Shu tarzda, noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida Navoiy viloyatiga Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi vakillari tashrif buyurishdi. Ular viloyatning turli hududlarida mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Ishchi guruh tarkibiga Navoiy bo‘limi ilmiy xodimlari ham kiritildi.
Uchrashuvlar va muloqotlar davomida yer qa’ri foydalanuvchilari, noruda xomashyo qazib olib, qurilish materiallari ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar, hududlarda ruxsatnoma asosida yer qa’ridan foydalanayotgan korxonalar rahbarlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan taqdimotlar qilindi.
Tadbirlarda ularning tashkilotchilari tomonidan sohaga ilm-fan yututqlarini keng tatbiq etish takliflari berildi, tadbirkorlarning muammoli masalalarini tezkor hal qilish choralari ko‘rildi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.