Bo‘lim investisiya markaziga aylanishi mumkin


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi rahbariyati va tarkibiy bo‘lim mudirlari MDH mamlakatlari bilan xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Guandun ittifoqining mutaxassislari hamda Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasining Shinjon fan va texnologiyalarni strategik rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari bilan videomuloqot o‘tkazdilar.

Ta'kidlash joizki, Bo‘lim va Institut o‘rtasidagi aloqalar joriy yilning iyul oyida Xitoyning Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan Ipak yo‘li bo‘yidagi mamlakatlar o‘rtasidagi tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlikning 13-chi forumi doirasida o‘rnatilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi delegasiyasidan Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va tarkibiy bo‘lim mudiri Sherzod Sharipovlar qatnashgan edilar. O‘shanda tomonlar keyingi muhokama uchun takliflar tayyorlashga kelishib olgan edilar.

Muzokaralarda Guandong ittifoqi vakillari ularning tashkiloti 2009 yilda tashkil etilganligini, XXR Fan va texnika vazirligi va Guandong viloyatining fan va texnika departamenti ko‘magida ish olib borishini, Xitoyda MDH mamlakatlari bilan hamkorlikni fan va texnika sohasida rivojlantirish bo‘yicha eng yirik tashkilot ekanligini ma'lum qildilar. Hozirda Xitoyning turli shaharlarida Ittifoqning filiallari mavjud. Ushbu tuzilma Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari makonida ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha loyihalarda ham faol ishtirok etib, boshqacha aytganda, bu Xitoy va “Bir kamar, bir yo‘l” mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy tuguni bo‘lib kelmoqdadir.

Ittifoq yangi materiallarni ishlab chiqarish, bio- va axborot texnologiyalari, shuningdek asbobsozlik sohasidagi loyihalarni ilgari surishga alohida e'tibor qaratadi. Bundan tashqari, tashkilot investorlarga istiqbolli loyihalarni topishda yordam beradi. Aynan shu yo‘nalishga Navoiy bo‘limi tomonidan alohida urg‘u berildi.

Shunday qilib, Bo‘lim raisi A.Mirzayev ikki mamlakat ilm-fan va biznesining samarali integratsiya mexanizmlarini joriy etish maqsadida investisiyalarni jalb qilish maisadida istiqbolli loyihalarni tayyorlash bo‘yicha konsalting markazini yaratishni taklif qildi. Markaz xodimlari O‘zbekiston xomashyosi va resurs salohiyati, xususan, ma'dan, noma'dan va texnogen foydali qazilmalar konlari, talab mavjud mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zavod va fabrikalar qurilishiga bo‘lgan ehtiyoj to‘g‘risida ma'lumot to‘plashlari va ma'lumotlar bazasini yaratishlari, to‘plangan ma'lumotlar asosida investisiyalarni jalb qilish uchun istiqbolli loyihalarni tayyorlashlari hamda mahalliy bozorda ma'lum mahsulotlarga bo‘lgan iste'mol talabini o‘rganishlari, boshqacha qilib aytganda, ma'lum bir mahsulotni Xitoydan olib kirish imkoniyatini aniqlash uchun marketing faoliyati bilan shug‘ullanishlari ko‘zda tutilgan. To‘plangan ma'lumotlar manfaatdor investorlarga haq evaziga uzatiladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘z biznesini ochish yoki rivojlantirish uchun mablag‘ sarflamoqchi bo‘lgan aniq kompaniyalar va ishbilarmonlarning so‘rovlari va moliyaviy imkoniyatlari asosida individual loyihalarni tayyorlash rejalashtirilgan.

Tomonlar markazning maqsad va vazifalari bilan tanishib g‘oyani qo‘llab-quvvatladilar. Uning faoliyatini moliyalashtirish manbai masalasi ham muhokama etildi. Bir nechta variant ko‘rib chiqildi. Birinchi yo‘li – kapitalni ulushli sherikchilik asosida shakllanishdir, bunda markaz xodimlari mehnatiga haq to‘lanadi, ulushdorlar esa investorlarga tayyorlangan va taklif qilingan loyihalar amalga oshirilgandan so‘ng foyda oladilar. Shuningdek, qo‘shma korxona tashkil etish taklifi ham kelib tushdi, bunda ta'sischilardan biri investisiyalar yoki foydali qazilmalarni qazib olish bilan shug‘ullanadigan yirik xitoylik kompaniyasi bo‘lishi mumkin. Yana bir yechim sifatida davlatlararo grant loyihasini tayyorlash varianti ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv ishtirokchilari har bir yechimning o‘ziga xos tomonlari mavjud ekanligi va bu masalani batafsilroq o‘rganib chiqish kerakligini ta'kidladilar. Guandun ittifoqi delegasiyasining avgust oyi oxirida O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifida ko‘rib chiqish uchun aniq takliflar tayyorlashga kelishib oldilar.

Ta'kidlash joizki, muzokaralar do‘stlik va o‘zaro anglashuv muhitida o‘tdi. Tomonlar Bo‘lim, Institut va Ittifoq o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolash to‘g‘risida qaror qabul qilishdilar. Reja muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, Navoiy bo‘limi Xitoy va O‘zbekiston uchun foydali bo‘lgan Xitoydan investisiyalarni, shu jumladan ilmiy-texnik yutuqlar ko‘rinishidagilarni ham jalb qilishning o‘ziga xos markaziga aylanishi mumkinligini ta'kidladilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!