Bo‘lim doktorantlarining birdaniga ikkita himoyasi


O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ikki nafar tayanch doktorantlari texnika fanlari falsafa doktori (PhD) dissertasiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.

 

Shunday qilib, 2022 yilning 21 aprelida Sherzod Sharipov H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti huzuridagi ilmiy kengashning majlisida 04.00.01 – “Umumiy va mintaqaviy geologiya” ixtisosligi bo‘yicha “Markaziy Qizilqumda ko‘l-tuproqli tuz to‘planishining litologik va strukturaviy xususiyatlari” mavzusida dissertasiya ishini himoya qildi.

Tadqiqotlar davomida Sh.Sharipov tomonidan Markaziy Qizilqumda har bir o‘rganilgan ob'yektda ilk bor tuzlar hosil bo‘lish jarayonining xususiyatlari hamda xlorid va sul'fatli natriy tarkibli tuzlar to‘planishiga ta'sir qiluvchi geologik omillar ilmiy asoslandi. Tuzli ko‘llar ichida Tuzquduq va Lavlakan ko‘llarining tuzga to‘yingan sho‘r suvida bromning eng ko‘p miqdori, shuningdek, hududlardagi tuzli hosilalar shakllanadigan suv xavzalarida tuz to‘planishining litologik va strukturaviy sharoitlari hamda sedimentasiyaning geologik va geomorfologik turlari aniqlandi. Mavsumiy tuz to‘planishining intensivligi va to‘yingan sho‘r suv oqimi kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan yoriqsimon zonalar topildi.

Hududlardan olingan namunalarni kompleks o‘rganish asosida har bir ko‘lda tuz to‘planish xususiyatlari aniqlandi va geologik xaritalar tuzildi. Tuzquduq ko‘li tuzlari tarkibida bromning yuqori – 852 mg/l miqdori aniqlandi, dastlabki xisob-kitoblarga ko‘ra uning zaxirasi 800 tonnaga yaqinligi bashoratlandi. Tuzquduq ko‘lida xlorid tuzlari (galit)ning, shuningdek, Lavlyakan ko‘lida natriy (galit) va magniy xlorid (bishofit) tuzlari zaxiralarining mavjudligi, o‘z navbatida, kelgusida mazkur ko‘llarda maqsadli geologik-qidiruv ishlarini olib borishga asoslandi.

2022 yilning 23 aprelida esa Namangan muhandislik-qurilish instituti huzuridagi ilmiy kengashning majlisida 05.02.02 – “Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinashunoslik va mashina detallari” ixtisosligi bo‘yicha “To‘kiluvchan materiallar uchun ikki kirimli va to‘lqinsimon yuzali resurstejamkor vintli konveyer konstruksiyasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash” mavzusida o‘z dissertasiyasini Nodirbek Jo‘rayev muddatdan oldin himoya qildi.

Tadqiqotlar davomida N.Jo‘rayev tomonidan tayanchlari qayishqoq bo‘lgan ikki kirimli to‘lqinsimon sirtli vintli konveyer vintining vertikal va og‘ma yo‘nalishdagi tebranish qonuniyatlari konveyerning og‘ish burchagi va vertikal yo‘nalishdagi siljishlarini inobatga olgan holda aniqlandi. Ikki kirimli, qayishqoq tayanchli vinti bo‘lgan konveyerning elektr yuritgich mexanik xarakteristikasini, O‘UN li tasmali uzatmasini inersion, bikirlik-dissipativ xususiyatlari hamda texnologik qarshilik, ishqalanish kuchlari momentini inobatga olib, to‘rt massali mashina agregati dinamika masalasi yechildi, massalarning harakat qonunlari topildi.

Shuningdek, qarshilik momentlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri vintga ta'sir qilgani uchun uning burchak tezligi qiymatlari mos ravishda shkivning burchak tezligiga nisbatan kamaysa, shkivning burchak tezligiga nisbatan vintning burchak tezligi qiymatlari kattaroq bo‘lganida vintni tashilayotgan mahsulotga ta'siri samarali bo‘lishi hamda kompleks tajribalar asosida vint va yetaklanuvchi shkiv vallaridagi yuklanish va burchak tezliklarini o‘zgarish qonuniyatlari tayanchlar va tasmali uzatma aylanma bikirlik koeffisientlari, inersiya momentlari va texnologik yuklanishlar bog‘liq ravishda aniqlandi.

Ilmiy kengashlarining barcha a'zolari Sherzod Sharipov va Nodirbek Jo‘rayevlarga texnika fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berilishini bir ovozdan ma'qulladilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!