Bolgariya bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida tajriba almashish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, turli sohalarda ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joylarda joriy etish maqsadida xalqaro aloqalarni o‘rnatishga katta ahamiyat berib kelinmoqda. Bo‘lim 2017 yilda ochilgan bo‘lsa, uning aloqa o‘rnatgan birinchi hamkorlardan biri Bolgariya kompaniyalari bo‘ldi. “Paulownia BG” MChJning bosh menejeri Jan Duralovning taklifiga ko‘ra, Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev 2024 yil iyun oxiri – iyul boshida Bolgariyaning Velikotyrnovo viloyatidagi qator fermer xo‘jaliklari, korxonalar va kompaniyalarga tashrif buyurdi hamda xuddi shu nomli hudud meri Daniyel Panov bilan uchrashdi.

Ta’kidlash joizki, Navoiy bo‘limi “Paulownia BG” MChJ bilan birgalikda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, 2022 yildan Nurota tumanida lalmi yerlarida pavlovniya plantatsiyasini yaratish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. O‘sha yil mart oyida Bolgariyadan 2000 dona pavlovniya kalamchalari va 1000 dona ko‘chat olib kelindi. Ularni bepul, jumladan, transport xarajatlari qoplangan holda bolgar tomoni yubordi. Aprel oyida 1 gektar maydonga ushbu tez o‘sar daraxtlar o‘tqazildi, shuningdek, ko‘chatlar pitomnigi tashkil etildi. Hozirgi bosqichda kerakli agrotehnologik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilmoqda.

Plantatsiya maydonini tez orada 50 gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Buni amalga oshirish uchun 2022-2023 yillarda Nurota tumanidan 17 yosh mutaxassis Bolgariya Respublikasida pavlovniya plantatsiyalarida stajirovka o‘tdi, hozirda u yerda yangi guruh - 10 kishidan iborat bo‘lib, bu yil bahorda ushbu Yevropa mamlakatiga jo‘nab ketdi va kuzgacha u yerda bo‘ladi. Barcha yo‘l, tibbiy sug‘urta, yashash va oziq-ovqat xarajatlarini bolgar tomoni o‘z zimmasiga oldi. Bu masalada yana bir bolgar kompaniyasi - “Kiri Development Services – EOOD” ko‘maklashdi.

Joriy safari davomida A.Mirzayev Bolgariyada qator fermer xo‘jaliklari va korxonalarga tashrif buyurdi va mahalliy qishloq xo‘jaligi hamda go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan bir necha uchrashuvlar o‘tkazdi. U Navoiy bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan qishloq xo‘jaligida suv tejaydigan innovatsion texnologiyalarni joriy etish imkoniyatini muhokama qildi. Jumladan, u ushbu texnologiyalar dala sinovlarida o‘z samaradorligini ko‘rsatganini aytdi. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini bentonit gili kukuni bilan qobiqlab ekish va o‘simliklarni bargidan bentonitli suspenziya bilan oziqlantirishdir. 2023 yilda Nurota tumanida lalmi yerlarda o‘tkazilgan dala sinovlari natijasida bug‘doyning qo‘shimcha hosili 1,5 barobar ko‘proq yig‘ib olindi. Shu bilan birga, bu texnologiyalardan foydalangan holda no‘xat yetishtirildi.

Shu bilan birga, Navbahor tumanida 225 gektar maydonda mineral o‘g‘itlar qo‘shilgan bentonitli suspenziya bilan g‘o‘zani bargidan oziqlantirish bo‘yicha dala sinovlari o‘tkazildi. Natijada ushbu maydonlardan 15 dan 33,3 foizgacha qo‘shimcha paxta hosili yig‘ib olindi.

Laboratoriya sharoitida paxta urug‘larini an’anaviy usulda va oldindan qobiqlab ekilgandagi o‘sishi shuni ko‘rsatdiki, bentonit gili kukuni o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yuqoridagi ma’lumotlarni inobatga olgan holda, A.Mirzayev bolgar qishloq xo‘jaligi mutaxassislari bilan hamkorlikda mazkur innovatsion texnologiyalarning Yevropa iqlim sharoitida qo‘llanilishi samaradorligini ilmiy-amaliy asoslash bo‘yicha tajriba-sinov ishlar o‘tkazishni taklif qildi. Shu bilan birga, Bolgariyada O‘zbekistonda yetishtiriladigan poliz ekinlari va boshqa o‘simliklar yetishtirish texnologiyalarini moslashtirishga hamda O‘zbekiston sharoitida Yevropa qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish bo‘yicha tajriba-sinov ishlarini o‘tkazishga kelishildi.

 

Ishtirokchilar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Yana bir taklif chorvachilik bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish bo‘ldi. O‘tgan yil kuzida Navoiy bo‘limi delegatsiyasi Bolgariyaga safar davomida mahalliy “Agro Solei EOOD” fermer xo‘jaligiga tashrif buyurdi va uning rahbari Georgiy Tonchev bilan uchrashdi. O‘shanda tomonlar hamkorlik memorandumini imzoladilar. Uning fermer xo‘jaligiga ham o‘zbek yosh mutaxassislari haq to‘lanadigan stajirovkaga yuborilgan.

Joriy muzokaralar davomida tomonlar go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yirik va mayda shoxli qoramollarni selektsiya qilish va ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Bundan tashqari, fermerlar va tadbirkorlar bilan uchrashuvda Bolgariya Milliy vinochilari uyushmasi vakillari ishtirok etdilar, ular 20 dan ortiq brend vinolarni ishlab chiqaradi. Ular o‘zbek hamkasblari bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdilar va Navoiy shahrida mahalliy uzum navlaridan vino ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbek-bolgar qo‘shma korxonasini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildilar. Bolgariyaning “Sweet fruit” kompaniyasi esa ekologik toza mevalar va ko‘katlarni saqlashda ularning tarovati yo‘qolmasligi uchun muzlatish texnologiyasini taklif qildi va keyinchalik Markaziy Osiyo bozoriga chiqishni ko‘zda tutdi. Shuningdek, asalarichilikni rivojlantirish, qo‘shma gulqog‘ozlari va isitish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha takliflar tushdi.

 

 

Muzokaralar davomida kadrlar almashinuvi va stajirovka bo‘yicha hamkorlik masalasi ham ko‘tarildi, ayniqsa Navoiy bo‘limi bu yo‘nalishda bolgar sheriklari bilan ijobiy tajribaga ega. Gap shundaki, hozirgi vaqtda Bolgariyaning qishloq xo‘jaligi sektorida faol dehqonchilik uchun yetarlicha maydonlar, texnik vositalar, chorvachilik majmualari, o‘z ozuqaviy bazasi mavjud, biroq mutaxassislar va ishchi kuchi yetishmayapti. Shu sababli A.Mirzayev bolgar tadbirkorlari va fermerlarining mavjud texnik vositalari, yer resurslari va moliyaviy vositalarini jalb qilib, Navoiy olimlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda mahalliy maydonlarda ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va navoiylik mutaxassislar, dehqonlar va chorvadorlarning mehnatidan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Bunday hamkorlik doirasida Bolgariyaga ishlashga jalb qilishga rejalashtirilgan 50-60 mutaxassis, fermer va chorvadorlarga bolgar sheriklari tomonidan barcha zarur sharoitlar yaratilib, munosib ish haqi to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Bu va boshqa yuqoridagi masalalar Abdurazak Mirzayev tomonidan Veliko-Tyrnovo meri Daniyel Panov bilan rasmiy qabulda muhokama qilindi. Bolgariya ma’muriy birligi rahbari bu yerda nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki chorvachilik, sanoat va qurilish industriyasida ham 5000 mutaxassis yetishmayotganini, ular chet el kadrlarini, jumladan mavsumiy ishlar uchun ishga qabul qilishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Biroq, bu masalada Bolgariyada talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, ularni tilga o‘qitish va tegishli imtihonlardan o‘tganidan so‘ng yuborish muhim.

Bu yerda A.Mirzayev bu masalani “Kirill va Mefodiy” nomli Velikotyrnovo universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori professor Xristo Bondjolov bilan muhokama qilganini ta’kidlash joiz. Navoiy bo‘limi bilan bu bolgar oliygohining hamkorlik memorandumi tayyorlangan bo‘lib, unga ko‘ra universitetning yuqori kurs talabalari mutaxassislarni tayyorlash va ularni bolgar va rus tillariga o‘qitishga ko‘maklashish uchun Navoiyga yuborish ko‘zda tutilgan. Hujjat imzolanish bosqichida.

 

 

Shuningdek, mer bilan uchrashuvda ikki mamlakat mahsulotlarini sotish uchun savdo nuqtalarini ochish istiqbollari, xususan, bolgar shahri Veliko-Tyrnovoda “Navoiy viloyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari” o‘zbek brendi bilan savdo uyini, Navoiy shahrida esa “Bolgariya mahsulotlari” savdo majmuasini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Harakatlarni muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston-Bolgariya tadbirkorlari va ishbilarmonlari klubini tashkil etish mumkin bo‘ladi.

Daniyel Panov u Bolgariya shaharlar (jamolari) merlari Kengashi raisi bo‘lib, Navoiy viloyati bilan samarali hamkorlik qilish uchun Bolgariyaning boshqa shaharlar merlarini jalb qilish imkoniyatiga ega ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda har bir mamlakatning turistik jozibadorligini oshirish, o‘zaro turistik oqimni ko‘paytirish hamda mehmonxona biznesi va milliy oshxona restoranlarini ochish kabi xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

 

 

Yuqoridagi tashabbuslar mahalliy ma’muriyatlar rahbarlarining shaxsiy aloqalarini o‘rnatishni talab qiladi. Shuning uchun Veliko-Tyrnovo meri Daniyel Panov Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov nomiga xat yubordi. Xatda u ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash nafaqat viloyatlarga, balki ikkita mamlakatga ham foyda berishini ta’kidladi. Shu maqsadda u ma’muriy markazlar – Veliko-Tyrnovo va Navoiy shaharlarini birodar shaharlar etish va keyinchalik ikki shaharda bir-birining vakolatxonalarini ochishni, shuningdek shaharlarning birodarlikni rasmiylashtirish va ikki mamlakat tadbirkorlari uchun “davra suhbati” o‘tkazish maqsadida u Navoiy viloyati rahbari va Navoiy ishbilarmonlarini Veliko-Tyrnovoga kelishga taklif qildi.

Fevzi ISTABLAYEV,

Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!