BOG‘LOVChI BO‘G‘IN
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 iyundagi qarori bilan Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi zimmasiga yuklatilgan vazifalar orasida xalqaro hamkorlikni tashkil etish, shuningdek, hududning texnologik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish alohida o‘rin tutadi. Ana shu vazifalar doirasida joriy yilning oktyabr' oyi o‘rtalarida Navoiy bo‘limiga Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Ilm-fan va texnika rivojlanishi strategiyalari instituti rahbariyati tibbiyot sohasida hamkorlik to‘g‘risida taklif bilan murojaat qildi.

Institut, Navoiy bo‘limi singari, o‘z hududidagi ilmiy muassasalar va korxonalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi markaz hisoblanadi. Shu institutga Pekin bolalar shifoxonasining Shinjon filialidan O‘zbekistonlik hamkorlarni qo‘shma ilmiy tadqiqotlarga jalb etish haqida so‘rov kelib tushgan. Loyiha mavzulari – «Bolalardagi nevrologik og‘ir holatlarni aniqlash va davolash bo‘yicha yagona tizim yaratish» hamda «Bolalarda kognitiv rivojlanish buzilishlarini erta tashxislash va oldini olish tizimi»dir. Bu taklif zanjir orqali Navoiy viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jamoasiga yetkazildi.
30 oktabr kuni ushbu tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Har bir tomon o‘z faoliyati va asosiy yo‘nalishlari haqida ma'lumot berdi. Tadqiqot tashabbuskori, Shinjon bolalar shifoxonasi direktori vazifasini bajaruvchi xonum Jen Syaotun, o‘z muassasasi Xitoyning shimoliy-g‘arbiy qismidagi yetakchi tibbiyot markazlaridan biri ekanini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur shifoxona Shinjondagi og‘ir va murakkab bolalar kasalliklari bo‘yicha al'yansga hamda bolalar jarrohligi bo‘yicha tibbiyot jamiyati qo‘mitasiga rahbarlik qiladi. Taklif etilayotgan tadqiqotlar doirasida haqiqiy ma'lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, epidemiologik vaziyatni va uning ekologik omillar bilan bog‘liqligini o‘rganish, davolash usullarini standartlashtirish, ko‘p bosqichli nazorat tizimini yaratish va har ikki mamlakat uchun tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

O‘z navbatida, Navoiy viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Farxod Kurbonov muassasaning Belarus va Rossiya hamkasblari bilan samarali hamkorlik tajribasiga ega ekanini va Xitoy tomoni taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, u loyihani kengaytirish maqsadida Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarligi ostidagi mutaxassislarni ham jalb etishni taklif qildi. Uning ta'kidlashicha, 2024 yilda Navoiy markazida bolalar jarrohligi, travmatologiya, LOR, yuz-jaq jarrohligi va neyrojarrohlik yo‘nalishlarida 17 dan ortiq yuqori texnologiyali va kam invaziv operatsiyalar joriy etilgan.
Tomonlar bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq tadqiqotlarning muhim ahamiyatini qayd etib, kompleks yondashuv zarurligini ta'kidladilar. Yig‘ilish yakunida Navoiy shahrida tegishli tibbiyot markazini tashkil etishni nazarda tutuvchi qo‘shma xalqaro loyiha tayyorlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev dastlabki qadam sifatida hamkorlik to‘g‘risida memorandum hamda markaz yaratish niyati haqida kelishuv imzolashni taklif qildi. Ushbu tashabbus yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Shu tariqa, Navoiy bo‘limi va 2023 yilda hamkorlik memorandumini imzolagan Xitoyning Ilm-fan va texnika rivojlanishi strategiyalari institutining hamjihat sa'y-harakatlari tufayli mazkur tadbirni o‘tkazish imkoni yaratildi. Bu holat mashhur «Olti qo‘l siqish nazariyasi»ning amaldagi samaradorligini yaqqol namoyon etdi. Eng muhimi, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish ikki mamlakat tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga xizmat qiladi, bu esa, o‘z navbatida, oddiy fuqarolar manfaatiga bo‘ladi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.