Za'faron ekish maydonlari va ishlab chiqarish hajmi yanada kengaytiriladi


2021 yil 1 mart kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumani “Uzunbuloq” QFY hududida joylashgan “BMB-OPERA ZAFFERANO” O‘zbekiston — Italiya qo‘shma korxonasining za'faron plantasiyasida “Respublika za'faron o‘simligi maydonlarini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirish” mavzusida ko‘rgazmali-amaliy seminar o‘tkazildi. Ushbu tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasiga va dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashga daxldor mutaxassislar, olimlar va tadbirkorlar ishtirok etishdi.

“BMB Trade Group” kompaniyasi jamoasi va Baxmal tuman hokimligi tamonidan tashkil etilgan respublika miqiyosidagi seminarda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limidan ham bir guruh olimlar – bo‘lim raisi o‘rinbosari Q.Nurboyev, tegishli bo‘linmalari rahbarlari O‘.Xakimov va Sh.Kodirovalar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24-25 fevral' kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan ishchi safari paytida o‘tkazgan uchrashuvlarida O‘zbekiston florasi dorivor giyohlarga boy ekanini, xususan, xalqimiz tabobatida qadim davrlardan za'farondan keng foydalanib kelinganini ta'kidlagan edilar. Mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishda shifobaxsh za'faron muhim xomashyo manbai bo‘lib xizmat qilishini qayd etib, soha mutaxassislariga bunday o‘simliklar turini ko‘paytirish va plantasiyalarni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilgandi.

Prezidentimiz yaqinda bo‘lib o‘tgan vedioselektor yig‘ilishida ushbu masalaga qaytib, xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash masalasida “BMB Trade Group” kompaniyasi tomonidan Jizzax viloyati Baxmal tumanida amalga oshirilayotgan za'faron yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish loyihasi, za'faron tugunak piyozboshlarini ekish, parvarishlash, yig‘ib olish va qadoqlash jarayonida tumanning 8 000 dan ziyod xotin-qizlari mavsumiy ish bilan ta'minganligini alohida ta'kidlab o‘tib, respublikamizning Zomin, Bo‘stonliq, Urgut, Kitob, Shaxrisabz va Chortoq kabi tog‘oldi tumanlarining har birida 50 gektardan za'faron plantasiyalarini barpo etish vazifasini qo‘ydi.

“BMB Trade Group” kompaniyasining Jizzax viloyati Baxmal tumanida za'faron yetishtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini FA Navoiy bo‘limi olimlari joyida ko‘rib Yurtboshimiz tomonidan berilgan yuksak baho bekorga emasligini his qildilar va ularda ham shu loyihada ishtirok etish istagi paydo bo‘ldi. Shuni ta’kidlash joizki, FA Navoiy bo’limi va “ВМВ Trade Group” kompaniyasi o’rtasida 2019 yilning 8 noyabr kuni Hamkorlik memorandumi imzolangan.

Baxmal tumanining tog‘ adir yerlari za'faron yetishtirish uchun juda mos. Kuzda piyozchalaridan ekilgan maysalar bir xilda unib chiqqan bo‘lib to‘liq agrotexnika asosida parvarishlanmoqda. Plantasiya yaxshi qo‘riqlanmoqda.

Seminarda respublikamizning barcha hududlaridan kelgan mutaxassis va tadbirkorlarga ushbu o‘simlikni yetishtirish agrotexnikasi, yig‘ishtirish va qayta ishlash bo‘yicha to‘liq ma'lumotlar kompaniya olim va mutaxassislari tomonidan ko‘rgazmali materiallar bilan dalani o‘zida va Baxmal tumani hokimligi binosida yoritilib berildi. Za'faron o‘simligi FA Navoiy bo‘limi olimlarida ham katta qiziqish o‘yg‘otdi, ayniqsa Navoiy viloyatning tog‘ oldi adir yerlari ushbu o‘simlikni yetishtirishga mos kelishi, ishchi kuchining yetarli ekanligi diqqatga sazovordir. Yuqoridagilardan kelib chiqib, za'faron o‘simligini viloyatning Navbahor va Nurota tumanlarida yetishtirish bo‘yicha “BMB Trade Group” kompaniyasining rahbariyati bilan kelishib olindi.

Bu sohadagi ishlar joriy yilning avgust oyidan boshlanashi ko‘zda tutilgan.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!