Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish sari qo‘yilgan navbatdagi qadam


Shu kunlarda dastlabki muzokaralardan so‘ng Fanlar akadeiyasi Navoiy bo‘limi bilan ko‘ptarmoqli «Umirbek» fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu shartnoma Bo‘limning ilmiy ishlanmalarini qishloq xo‘jaligi sohasida tijoratlashtirish sari qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi.

 

 

 

«Umirbek» FX Nurota tumanida joylashgan bo‘lib, ushbu xo‘jalik tasarrufida 361 gektar sug‘oriladigan yer, yer osti suvlaridan sug‘orish maqsadida foydalanish uchun 17ta quduq, 32ta qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi texnikalari, sabzavot va mevalarni quritish hamda polietilen quvurlarni ishlab chiqarish sexlari mavjud.

Hamkorlik to‘g‘risidagi mazkur shartnomada ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun FA Navoiy bo‘limi tomonidan bo‘lim raisi A.Mirzaev, mazkur faoliyat natijalarini amaliyotga joriy etilishi uchun esa «Umirbek» FX tomondan xo‘jalik raisi G.Narzullaev mas'ul ekanliklari belgilangan.

Xususan, imzolangan shartnomaga muvofiq, bo‘lim olimlari qishloq xo‘jaligi ekinlarining mahalliy sharoitga nisbatan moslashgan turlarini tanlash, ularning hosildorligini oshirish, zararkunandalarga qarshi kurashish hamda sabzavot va mevalarni qayta ishlash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiya va takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadilar. Bularning barchasi innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy etish asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonda olimlar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, xalqaro va boshqa jamg‘armalar tomonidan e'lon qilingan tanlovlarda ishtirok etish uchun fundamental, amaliy, innovasion va startap loyihalar tayyorlaydilar. Loyiha tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda fermer xo‘jaligi bank tomonidan ajratilgan mablag‘larni loyihaning maqsad va vaziflarini bajarishga sarflash hamda tayyor mahsulotni sotish orqali imtiyozli kretidni o‘z vaqtida to‘lash majburiyatini oladi.

Innovatsion g‘oya va ishlanmalardan foydalanilgani uchun ushbu faoliyatdan olingan foydaning 20 foizi Bo‘limning hisob raqamiga o‘tkaziladi. Biroq, tomonlarning har birini umumiy ishga qo‘shgan hissasini xisobga olib, foydaning tomonlar o‘rtasidagi taqsimoti 5 foizdan 50 foizgacha bo‘lishi mumkin.

Ta'kidlash joizki, Bo‘lim olimlari tomonidan Nurota tumanida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish orqali 10 gektar lalmi (sug‘orilmaydigan) yerda uzumzor yaratishga qaratilgan amaliy loyiha tayyorlangan bo‘lib, ayni vaqtda Innovasion rivojlantirish vazirligiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Fevzi ISTABLAEV,

Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!